TIV rahbari Abdulaziz Kamilov payshanba kuni Senatning yalpi majlisida Ukraina bilan bog‘liq mojarolarning O‘zbekistonga ta’sirini yumshatish haqida so‘zlar ekan, shu vaqtgacha 6 ming nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani, yana 300 nafarga yaqini ushbu mamlakatda qolayotganini ma’lum qildi.

«Ular bilan muloqotdamiz, hammalariga yordam beryapmiz. Bitta murakkab masala — bu xavfsizlik masalasi. Lekin buning ham yo‘lini topib, yaqin orada ularni qaytarishga harakat qilamiz», — dedi Abdulaziz Kamilov.

TIV rahbari o‘z vaqtida Suriya, Iroq va Afg‘oniston kabi davlatlardan O‘zbekiston fuqarolari evakuatsiya qilinganini eslab, Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni ham ulardan yengil bo‘lmaganini ta’kidladi.

«Nega deganda, Suriyada asosiy muammo shundan iborat bo‘ldiki, davlat bo‘linib ketgani uchun bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga o‘tishda har bir mintaqada o‘zining zo‘ravonlik qilayotgan xo‘jayinlari bor. Ular bilan kelishish juda qiyin bo‘ldi, lekin ularni ham omon-eson olib keldik. Lekin bu gal Ukrainada odamlar o‘lyapti, shuncha harbiy kuchlar ishlayapti», — deya qayd etdi u.