«Tashqi ishlar vaziri A. Kamilovga O‘zbekiston fuqarolari uchun horijda konsulliklar orqali pasport, sertifikat olishdagi to‘lovlarning yuqoriligi yuzasidan „deputatlik so‘rovi“ kiritdim», — deb yozdi Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati Rasul Kusherbayev.

Deputat so‘rovida to‘lovlarning yuqoriligini asoslash va kelgusida pasaytirish choralarini ko‘rish so‘ralgan.

Kusherbayevning ta’kidlashicha, «bu borada Markaziy Osiyoda O‘zbekiston fuqarolari uchun eng yuqori narxlarni belgilagan» va bu migrantlarga «qiyinchilik tug‘dirmoqda».

Shuningdek deputat to‘lovlar o‘rtasidagi farqlarni keltirib, horijda konsulliklar orqali pasport olish qancha AQSh dollariga tushishini yozgan. Unga ko‘ra:

  • Qirg‘iziston fuqarolariga 10 dollar;
  • Qozog‘iston fuqarolariga 30 dollar;
  • Turkmaniston fuqarolariga 33 dollar;
  • Tojikiston fuqarolariga 100 dollar;
  • O‘zbekiston fuqarolariga 170 dollar.

«Har doimgidek narx qimmatligi borasida O‘zbekiston yetakchi. Biroq bu narxlar nima asosga ko‘ra, qaysi kriteriylar bo‘yicha belgilangan», deya savol qo‘yadi Qonunchilik palatasi deputati va tashqi ishlar vaziri buni «asoslab berishi kerak», — deydi.

Bundan tashqari, «agar O‘zbekiston fuqarosi horijda pasport olish muddatini o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, har yil uchun 50 dollardan to‘lov qilishi, pasport yo‘qotilsa, qo‘shimcha 70 dollar, pasport yaroqsiz holga kelib qolsa, qo‘shimcha 50 dollar to‘lashi kerak», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Shuningdek, deputat pasportini yo‘qotib qo‘ygan fuqaro vataniga qaytish uchun sertifikat olishi kerakligini va ushbu hujjat uchun to‘lov ham boshqa davlatlarga nisbatan qimmatroq ekanini aytgan.

Masalan, to‘lovlarni:

  • Qozog‘iston 7,5 dollar;
  • Tojikiston 10 dollar;
  • Qirg‘iziston 10 dollar;
  • Turkmaniston 34 dollar;
  • O‘zbekiston 55 dollar etib belgilagan.

«Parlament nazorati to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, deputatlik so‘roviga vazir tomonidan 10 kun ichida javob berilishi shart, — deydi Kusherbayev.