«Harbiy harakatlar zudlik bilan to‘xtalishi zarur» — TIV rahbari Ukrainadagi vaziyat haqida

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini ta’kidladi. «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — dedi u.

Bugungi kunda 300 ga yaqin fuqarolarimiz Ukrainada bo‘lib turibdi — Abdulaziz Kamilov

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ukrainada ayni damda 300 ga yaqin O‘zbekiston fuqarosi qolayotganini ma’lum qildi. U Ukrainadan evakuatsiya qilish jarayoni fuqarolarni Suriya, Iroq va Afg‘onistondan vatanga qaytarishdan yengil bo‘lmaganini ta’kidladi.

Xorijda pasport va sertifikat olish to‘lovlari qimmatligi bo‘yicha TIV rahbariga deputatlik so‘rovi yuborildi

Xorijda O‘zbekiston pasporti va qaytish sertifikatini olish bo‘yicha to‘lovlar Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng qimmati hisoblanadi. Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev narxlarni asoslash va pasaytirish yuzasidan tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovga deputatlik so‘rovi kiritdi.

Qashqadaryoda yangi tuman tashkil etildi

Qashqadaryoning Chiroqchi tumani tarkibida yangi Ko‘kdala tumani tashkil etildi. Unga Chiroqchidagi 420 ming nafar aholining 176,3 ming nafari yashayotgan 32 ta mahalla kiritiladi va Yettitom shaharchasi tuman markazi etib belgilandi.

Mashhurlar va shifokorlarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanmoqda

Yangi tahrirdagi «Reklama to‘g‘risida»gi qonun bilan mashhurlar, tibbiyot xodimlari yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarga o‘xshash shaxslarning dori vositalarini reklama qilishi taqiqlanmoqda. Shuningdek, reklamalarda bolalarni xavfli holatlarda ko‘rsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish ham man qilinadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Qiynoq qurbonlariga yetkazilgan zarar va boy berilgan foyda qoplanadi

Senatda Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi Qonun loyihasi ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararlar bilan birga, boy berilgan foyda va sarflangan xarajatlar ham to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.

Davlat xizmatlari hamda Intellektual mulk agentliklari Adliya vazirligiga qo‘shib yuborildi

Prezident farmoniga asosan Davlat xizmatlari agentligi va Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tarkibida departament sifatida qayta tashkil etiladi. Vazirlikda boshqaruv tuzilmalari 666 tadan 222 taga, bir-birini takrorlovchi vazifalar 34 foizga, funksiyalar 46 foizga, harajatlar esa 84,5 mlrd so‘mga qisqaradi. Avvalroq, vazir Ruslanbek Davletov DXA tizimidagi xodimlar soni qisqarishini emas, aksincha ortishini aytgandi.

MB asosiy stavkani 17 foiz etib belgiladi

Markaziy bank asosiy stavkani 3 foiz bandga oshirib, yillik 17 foizgacha ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Regulyator 2020 yildan beri asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turgandi.

Asosiy stavkaning oshirilishi shoklarni yumshatishga qaratilgan — MB

Markaziy bank asosiy stavkani devalvatsion va inflyatsion kutilmalar o‘sishining oldini olish, milliy valyutada jamg‘arish faolligini saqlab qolish hamda tashqi xatarlarning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish orqali mamlakatda makroiqtisodiy va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida yillik 17 foizga oshirdi. MB iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun yana qanday choralar amalga oshirilishi rejalashtirilayotganini ham ma’lum qildi.

Senatorlar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ma’qulladi

Senatining navbatdagi majlisida senatorlar yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ma’qulladi. Majlisda 1995 yilda qabul qilingan amaldagi kodeks tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi ta’kidlandi. Senat raisi Tanzila Narboyeva esa yangi kodeks «inson qadriga asoslangan"ini aytdi.

Qashqadaryoda 10-sinf o‘quvchisi o‘z joniga suiqasd qildi

Nishon tumanida 17 yoshli maktab o‘quvchisi fermer xo‘jaligi dalasidagi daraxtga o‘zini osib qo‘ydi. Qizning ruhiyatida o‘zgarishlar bo‘lganligi aytilmoqda. Tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Toshkentda tarkibida rubin va sapfir bo‘lgan toshni $220 mingga sotishga uringan shaxslar ushlandi

DXX poytaxtda tarkibida rubin, sapfir va boshqa minerallar bo‘lgan, asl bahosi 33 mln so‘mlik toshni 220 000 dollarga sotishga uringanlikda gumon qilingan shaxslarni qo‘lga oldi. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«O‘zsanoateksport»ning sobiq raisi Samarqand viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi

Oybek Mirzabekov Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. U tayinlovga qadar «O‘zsanoateksport» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlagan.