Senatning 24-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni muhokama qilindi. Bu haqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishi, majlisda qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatilishi hamda ularga yetkazilgan zararning kompensatsiya qilinishini ta’minlash, bunda qiynoqdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar to‘lab berilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilgani, mazkur qonun bilan inson huquq va erkinliklari sohasida, shu jumladan, qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni davomiy amalga oshirib kelinayotganligi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, majlisda prezidentning 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi Fakultativ protokolining O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinishining amaliy natijasi ekani ta’kidlangan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili dekabrda deputatlar qiynoqlardan jabrlanganlarga tovon puli to‘lashni nazarda tutuvchi Fuqarolik kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qullagan edi.