Oliy Majlis Senatining 24-yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senatning axborot xizmati xabar berdi.

Senatorlar tomonidan 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi ta’kidlandi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur o‘rganilgani qayd etildi.

Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish kabi yangi normalarni o‘z ichiga olgan.

Shuningdek, Kodeksni dastlab Senatning qo‘mitalarida ko‘rib chiqish jarayonida tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi.

Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan kiritilayotgan normalarga alohida e’tibor qaratilgan.

Muhokama yakunida senatorlar tomonidan Qonun ma’qullandi.

Senat raisi Tanzila Narboyevaning yangi Mehnat kodeksi bo‘yicha «unda zamonaviy mehnat munosabatlari bilan bog‘liq barcha muhim jihatlar inobatga olingan», — dedi. Uning ta’kidlashicha, kodeksda «mehnat erkinligi va majburiy mehnat tushunchalari xalqaro me’yorlar va tavsiyalarga (XMT) mos tarzda batafsil yoritilgan».

«Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali yoki nogiron bolalari bo‘lgan ota-onalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bitiruvchilarga, harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, jazodan ozod qilinganlarga, odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar belgilangani e’tiborga molik», — deydi Tanzila Narboyeva.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining Umumlashtirilgan preferensiyalar tizimiga, ya’ni GSP+ tizimiga qo‘shilgan.

«GSP+ bo‘yicha Yevropaga 6200 turdagi tovarlarni bojsiz eskport qilish imkoniyati bor. Bu iqtisodiy jihatdan katta imkoniyatlar berishi bilan birga zimmamizga mas’uliyat ham yuklaydi», — deya ta’kidladi Senat raisi.

Uning ta’kidlashicha, «qator sohalarga (inson huquqlari, atrof-muhit muhofazasi, samarali boshqaruv va b.), shu jumladan mehnat huquqlariga oid 27 ta xalqaro konvensiyalar ijrosini» ta’minlash lozim.

«Umuman olganda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mazmun-mohiyatiga ko‘ra ijtimoiy yo‘naltirilgan, ko‘p jihatdan xodimlar (mehnatkashlar) manfaatlari ustuvorligiga, oddiy qilib aytganda inson qadriga asoslangan», — dedi Tanzila Narboyeva.