O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Jahon iqtisodiyotidagi inqirozli hodisalarning salbiy oqibatlarini kamaytirish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirish va sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama savdo hajmining o‘sish sur’atini ta’minlash, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va to‘qimachilik tarmoqlari, transport va logistika sohalarida yirik kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuv dasturi doirasidagi qo‘shma tadbirlarni faol o‘tkazish muhimligi qayd etildi.

«Muloqot yakunida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bahoriy ayyom — Navro‘z munosabati bilan bir-birini chin dildan qutlab, birodar xalqlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar», — deyiladi xabarda.