Yulduz Usmonovaning konsertda tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol xatti-harakatiga Madaniyat vazirligi munosabat bildirib, bunday holatlarni hech qachon yoqlamasligi va keskin qoralashini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida bo‘lib o‘tayotgan xalq artisti Yulduz Usmonova bergan konsertning 12 mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi to‘laligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar e’tiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qo‘pol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va emotsiyaga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.

«Pulingizga 10 baravarini olyapsiz. Ayollar, iltimos qilaman, agar shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, hozir shu yerda 4 ta [ashula]ni aytamanda, berkitib ketaveraman. O‘zlaringni bilib o‘tiringlar. Boshqa konsertda qilasan unaqa narsalaringni, jim o‘tiramiz. Chiroqni beringlar, zalda kim baqirayotganini ko‘ray. Kim edi u baqiryotgan, chiqing buyoqqa. Parda tushgan bo‘lsa, menda emas-ku ayb…», — degan u.

Madaniyat vazirligi san’atkor har qanday holatda ham hurmatini joyiga qo‘yishi shartligini qayd etdi.

«Shuni qat’iy ta’kidlaymizki, san’atkor har qanday holatda ham ortiqcha his-hayajonga berilmay, vaziyatni to‘g‘ri baholay olishi, o‘zini tuta bilishi, muomala madaniyati, odob-axloq qoidalariga rioya qilishi, ayniqsa, sahnada, muxlislar bilan muloqot jarayonida ularga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lib, hurmatini joyiga qo‘yishi shart. Bu uning ma’naviy burchi hisoblanadi», — deyiladi bayonotda.

Qolaversa, vazirlik tomoshabinlar chekiga tushadigan mas’uliyat ham borligini, masalaning ushbu jihatiga ham e’tibor qaratish zarurligini aytdi. «San’atkordan madaniyat talab qiladigan, unga e’tiroz bildiradigan jamiyat, ayni paytda, jamoat joyida o‘zini tutishni bilmaydigan, etika qoidalarini qo‘pol ravishda buzadigan tomoshabinlarni tartibga chaqirib, kerak bo‘lsa, ularga tanbeh berish ham lozim. Shunda hammasi adolatdan bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

2020 yilning may oyida Yulduz Usmonovaning ichki ishlar organlari xodimlarini haqorat qilgani aks etgan videomurojaati tarqalgan, IIV uni o‘rganib, xonandaning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishini aytgandi.