To‘ldirish: Xabar e’lon qilingach har uchchala ijtimoiy tarmoqqa kirish yana qiyinlasha boshladi.

O‘zbekistonda o‘tgan yili bloklangan Twitter, TikTok va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlarining sayti, mobil internet versiyasi va ilovasi erkin ochilishni boshladi. Bu haqda ushbu tarmoq foydalanuvchilari ma’lum qilmoqda.

Bu nima bog‘liq ekanligi haqida hozircha ma’lumot yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarning ochilishi qancha vaqt davom etishi ham aniq emas. So‘nggi kunlarda ko‘plab blogerlar ushbu tarmoqlarni ochishni so‘rab bir necha marotaba postlar yozishgan edi.

Investor, Biznes va investitsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston-Yevropa kengashi (Bryussel) bosh kotibi Oybek Shayxov fevral oyining oxirida shunday yozgandi: «Uzoq vaqt davomida raqamli reallikda yashab kelayotgan dunyoda, hukumatning sifatli, rasmiy va tezkor kommunikatsiyasi mamlakat haqida to‘g‘ri fikrni shakllantirishi mumkin, aks holda ushbu tashabbusdan nodo‘stona bo‘lgan tashqi kuchlar foydalanishi mumkin».

«Twitter — bu to‘g‘ri fikrni shakllantirish uchun ham, potensial dezinformatsiya uchun ham ishlatilishi mumkin bo‘lgan kuchli vositadir. Mamlakat nafaqat ushbu resursni blokdan chiqarishi, balki ijtimoiy tarmoqlar orqali operativ tashqi aloqa bo‘yicha davlat strategiyasini ham qabul qilishi kerak», — dedi u.

2021 yil iyul oyida «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun Twitter, TikTok, «VKontakte», WeChat va Skype messenjeriga kirishni cheklagan edi.

Noyabr oyi boshida Telegram, Facebook, «Odnoklassniki», YouTube va boshqa saytlar ham qoidabuzarlar reyestriga kiritildi. Bu jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘ldi va bir necha soatdan keyin kirish tiklandi. «O‘zkomnazorat» rahbari lavozimidan ozod etildi, biroz vaqt o‘tgach, AKT vazirligi rahbari va bosh vazirning IT bo‘yicha maslahatchisi o‘z lavozimlarini tark etdi. Bugungi kunga qadar TikTok, Twitter, «VKontakte», WeChat va Skype`ga kirish cheklanganligicha qolayotgandi.

Hozircha rasmiy idoralar tomonidan bu holatga izoh berilmadi.

O‘zbekistonda TikTok, Twitter va «VKontakte» ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov qo‘yilganidan so‘ng, VPN dasturiga talab birdaniga ortgandi. So‘nggi marta bunday holat 2018 yilning kuzida, Facebook va YouTube bloklanganida kuzatilgan edi.

Hozirgacha Twitter ijtimoiy tarrmog‘iga faqatgina VPN (Virtual Private Network) orqali kirish mumkin edi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekistonda Twitter faoliyati cheklanganiga qaramasdan, davlat organlari va rasmiy shaxslar, jumladan Senat rahbari Tanzila Narbayeva hamda prezident matbuot xizmati mazkur ijtimoiy tarmoqda postlar e’lon qilishda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.