16 mart kuni O‘zbekiston axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, uchrashuvda Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (O‘zkomnazorat) va Davlat personallashtirish markazi mas’ul xodimlari ham ishtirok etdi.

«TikTok bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yirik loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya vakillari O‘zbekistonda ham shunday loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdi», — deyiladi xabarda.


Uchrashuv davomida «O‘zbekistonda platformadan foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini bajarish masalalari ham muhokama qilindi».

Kompaniya vakillari «platforma orqali O‘zbekiston qonunlariga zid har-xil materiallar tarqalishining oldini olish bo‘yicha hamkorlikda ishlashga tayyor ekanligini bildirdi».

«AKT vazirligi tomonidan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida, kompaniya vakillariga O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochish bo‘yicha takliflar berildi», deyiladi AKT vazirligi xabarida.

2021 yil iyul oyida «O‘zkomnazorat» davlat inspeksiyasi «Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida»gi qonunni buzgani uchun Twitter, TikTok, «VKontakte», WeChat va Skype messenjeriga kirishni cheklagan edi.

16 mart kuni TikTok, Twitter va «VKontakte» resurslari VPN`siz erkin ochila boshladi, biroq, saldan keyin ularga kirish qiyinlashdi.

O‘tgan yilning dekabrida Teo Bertram bilan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham muzokara o‘tkazgandi. O‘shanda ham TikTok vaqtincha ishlab ketgandi, biroq keyin yana ochilmay qolgandi.

«Shu va bunga o‘xshash kompaniyalar faoliyatini cheklash emas, balki ular bilan yaqindan muloqot, hamkorlik o‘rnatgan holda ishlash hamma uchun ko‘proq manfaatli va to‘g‘riroq bo‘ladi deb o‘ylayman», — degandi Komil Allamjonov.

Madaniyat vazirligi TikTok`ni zararli deya atagandi, ikkita siyosiy (Milliy tiklanish va Adolat) partiya esa uni mamlakatda taqiqlashni taklif qildi. TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarni adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev himoya qilgandi.