15 mart kuni UzEX Tender portalida Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan o‘z bo‘limlarining kapital ta’mirini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari e’lon qilindi.

Tenderda faqat «ODIL-XAMZA» XK hamda «ZAMONAVIY QURILISH PLITKALARI» MCHJ qatnashgan. Bayonnomaga ko‘ra, tenderda g‘oliblikni «ODIL-XAMZA» xususiy korxonasi qo‘lga kiritgan. Tender savdolarida «ODIL-XAMZA» XK 621 mln so‘mga baholangan ishlar uchun o‘z xizmatini arzonroq qilib, ya’ni 619 mln so‘mga baholagan.

«Gazeta.uz» ochiq manbalar asosida to‘plagan ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu korxonalar bir-biri bilan affillangan bo‘lishi mumkin.


KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, korxona ta’sischisi Xodjayev Odiljon XXX, rahbari esa Xodjayev Xabibullo Odilovich hisoblanadi. Asosiy faoliyat turi — yashash uchun mo‘ljallanmagan uylar qurish.


O‘z navbatida, uning tenderdagi yagona raqibi «ZAMONAVIY QURILISH PLITKALARI» MCHJ loyiha qiymatini deyarli o‘zgartirishsiz qoldirgan. KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyat ta’sischisi Akbarov Botirjon Rahmatjonovich, rahbari esa Xodjayev Abdulxoshim Fatidin o‘g‘li hisoblanadi.

Mazkur ikki kompaniyaning bir-biriga bevosita aloqador bo‘lishi mumkinligini quyidagi infografikada ko‘rish mumkin.


Tenderda qatnashgan ikki firmaning bir-biri bilan bog‘liqligi. Stat.uz saytida mavjud ma’lumotlar asosida tuzildi.

Xodjayev Xabibullo Odilovich rahbarlik qiluvchi «ODIL-XAMZA» XKning ta’sischisi Xodjayev Odiljon (otasining ismi noma’lum) hisoblanadi. «ODIL-XAMZA» XK Andijon shahri, Sanoat ko‘chasi, 285-uyda joylashgan, xuddi shu ko‘chaning 284-uyida Xodjayev Odiljonning o‘g‘li ekanligi taxmin qilinayotgan Xodjayev Fatidin Odiljonovichga tegishli bo‘lgan «IDEAL GARANT INDUSTRIYA» MCHJ joylashgan.

O‘z navbatida, Xodjayev Fatidin Odiljonovich Andijon shahri, Maxtumquli ko‘chasi, 11-uyda joylashgan «ELEGANT QURILISH BIZNES»ga ham egalik qiladi. Aynan shu manzilda uning o‘g‘li ekanligi taxmin qilinayotgan Xodjayev Abdulxoshim Fatidin o‘g‘liga tegishli «GREAT CONSTRUCTION AND» ham joylashgan.

Yuqorida aytilgandek, tenderda faqat ikki korhona: Xodjayev Odiljonga tegishli «ODIL-XAMZA» XK va Xodjayev Fatidin Odiljonovichga tegishli «ZAMONAVIY QURILISH PLITKALARI» MCHJlar qatnashgan.

«Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ishtirokchi va uning affillangan shaxsi elektron do‘kon, auksion, eng yaxshi takliflarni tanlash va tender bo‘yicha ayni bitta lotda ishtirok etish huquqiga ega emas.

Bundan tashqari, protokolga ko‘ra tenderda ikkita korxona qatnashgan bo‘lsada, amalda ishtirokchilar soni bitta bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumotga ko‘ra, «ZAMONAVIY QURILISH PLITKALARI» MCHJ hozirda faoliyat ko‘rsatayotgani yo‘q. Ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga Statistika qo‘mitasi xodimi tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, korxona 2019 yilning 28 dekabr kunida o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Ammo Soliq qo‘mitasi xodimi ushbu korxona o‘z faoliyatini davom ettirayotgani va Statistika qo‘mitasi xodimlariga ma’lumotlarni qayta tekshirishni maslahat berishini qayd etdi.

Mazkur holat yuzasidan «Gazeta.uz» Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan izoh olishga urindi, ammo tashkilot bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi.