O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori 2020 yilgi koronavirus inqirozidan so‘ng qayta jonlandi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Jumladan, fevral oyida respublika bo‘yicha 22 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari rasmiylashtirildi. Ushbu ko‘rsatkich 2022 yilning yanvar oyiga nisbatan (17,7 ming) 24,1 foizga ko‘proq hisoblanadi. 2021 yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 8,7 foizni (20,2 ming), 2020 yilning fevral oyiga nisbatan 30 foizni (16,9 ming) tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, 2020 yildagi koronovirus inqirozidan so‘ng O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozori to‘liq tiklandi.

Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Qayd etilishicha, ko‘chmas mulk bozorining rivojlanishi bir necha omillarga bog‘liq. Jumladan, ipoteka islohotlari, 2021 yilda ipoteka kreditlarining liberallashtirilishi va uy xo‘jaliklari daromadlarining tiklanishi O‘zbekistonda uy-joy ko‘chmas mulk bozorining yanada rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatdi.

O‘zbekistonda global xavf-xatarlar fonida ushbu sektorda xarid qilish qobiliyatini arzon uy-joylar, imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha davlat dasturlari qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi, deyiladi ITIM xabarida.

Hududlar kesimida fevral oyidagi eng yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (50,8 foiz), Namangan (37 foiz), Farg‘ona (30,9 foiz) va Xorazm (29,6 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Ko‘chmas mulk bozorida bitimlar sonining kamayishi Toshkent (-13,4 foiz), Navoiy (-6,4 foiz) va Andijon (-1,9 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Markaz natijalariga ko‘ra, fevral oyida ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,7 foizga oshgan. Taqqoslash uchun yanvar oyida o‘sish 1,4 foizni tashkil etgan.

Hududlar kesimida uy-joy narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari Sirdaryo (10,1%) va Surxondaryo (6,4%) viloyatlarida shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,5%) kuzatildi. Samarqand (-2,3%), Andijon (-2,1%) va Namangan (-1,3%) viloyatlarida esa uy-joy narxining pasayishi qayd etildi.

Toshkent shahrida yanvar oyiga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,6 foizga oshgan. Tumanlar kesimida eng yuqori o‘sish Uchtepa (4,2 foiz), Yakkasaroy (3,4 foiz) va Yashnobod (2,9 foiz) tumanlarida kuzatilgan. Poytaxtning Shayxontohur (-2,1 foiz) va Bektemir (-1,9 foiz) tumanlarida ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlarning pasayishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ikkilamchi bozorda uy-joylar narxi 2021 yilning IV choragi davomida o‘rtacha 5,1 foizga ko‘tarilgandi. Jumladan, Toshkent shahrida narxlar 4,2 foizga o‘sgan. Buxoro, Andijon, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida narxlar 10 foizdan yuqoriroqqa o‘zgargan.