1 apreldan boshlab sharoiti og‘ir va kam ta’minlangan keksalarga shifokorlarning retseptlariga asosan 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalari, tibbiy va maxsus protez-ortopediya moslamalari olib beriladi hamda jarrohlik amaliyotlarining xarajatlari qoplanadi. Bu prezidentning 15 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorda, shuningdek, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va yolg‘iz yashaydigan keksalarni har yili bir marotaba sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish belgilangan.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan og‘ir tashxisli kasalliklari hamda nogironligi bo‘lgan keksalarga shifokorlarning retseptlariga muvofiq, 3 oylik ehtiyojdan kelib chiqib dori vositalarining 50 foizigacha bo‘lgan summasi kompensatsiya qilinadi. Bunda, dori vositalarining ro‘yxati Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishiladi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining qarori qabul qilingan kundagi dori vositalarining tegishli summasi kompensatsiya qilinadi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan keksalarning jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishidagi muassasalarda (stadion, sport zallari, basseyn va boshqa sport majmualari) jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun abonement xarajatlari qoplanadi. Bunda, abonement xarajatlarining bir oylik summasi BHMning 2 baravaridan oshmagan holda sport yo‘nalishidagi muassasalarning hisob raqamiga o‘tkazib boriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan davlat teatrlari va muzeylariga keksalar uchun chipta narxlari to‘liq qoplab beriladi.

Shuningdek, keksalarning respublikadagi diqqatga sazovor joylarga sayyohlik safarlarini tashkil etish maqsadida ikkita zamonaviy avtobus xarid qilinadi hamda tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylar ro‘yxati shakllantirilib, tumanlar (shaharlar) kesimida avtobuslar qatnovlari grafigi tasdiqlanadi.

2022 yilda jamg‘arma mablag‘larining amalda o‘zlashtirilishiga qarab Davlat budjetidan 50 mlrd so‘m ajratiladi.

Avvalroq prezidentning xuddi shu qaroriga tayangan holda xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish tartibi taqiqlangani, shuningdek, mamlakatda faol qarish indeksi joriy etilishi haqida xabar qilgan edik.