Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim ilmiy salohiyat o‘sayotganiga shubha qiluvchilarga munosabat bildirdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

«Ëshi ulug‘lar, 70−80 yoshdan oshganlar mudir bo‘lishi, ta’limda ishlashi to‘g‘rimi, deb ko‘p tortishuvlar bo‘ladi. Men bunga bitta javob beraman. Agarda u shu yoshgacha ilm bilan shug‘ullangan bo‘lsa, u bizga juda kerak. Lekin 50−60 yoshdan keyin faqat guruhbozlik, kelgan rahbarni ishlatmaslik, uning ishiga to‘sqinliq qilish bilan shug‘ullansa, ilm yo‘q u yerda», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda respublika bo‘yicha ilmiy darajali pedagoglarning ulushi o‘sayapti. Oliy ta’lim tizimida ular 2016 yilda 7766 nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 12686 nafarni tashkil etmoqda (38%ga oshgan).

«Ibora qilib aytadigan bo‘lsak, 5 yilda 5000 olim qo‘shildi. Lekin ilmiy salohiyatimiz qamrovi oshgani hisobiga atigi 2 foizga ko‘tarilyapti», — dedi Abduqodir Toshqulov.

Shuningdek, 23 ta OTMning ilmiy ishlar va innovatsiyalar hamda xalqaro hamkorlik yo‘nalishi bo‘yicha prorektorlari vazirlikka tasdiqlanmagan ma’lumot taqdim etgani tanqid qilindi.

«Vazirlikka yetib kelguncha bu hujjatlarning hammasiga rektorlar imzo qo‘yib bergan. Tekshirsak, osmondan olingan raqamlar», — deydi vazir.

«Men tushunaman, rektorda mingta tashvish bordir, lekin prorektor nega 50−100% ustama bilan oylik olyapti?» — deya savol bilan yuzlandi Oliy ta’lim vazirligi rahbari.

O‘tgan yilning fevral oyida Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalarini isloh qilish uchun 3 oy kerakligini aytgandi. Shuningdek, u ta’lim sohasida korrupsiya kamaygan bo‘lsa-da, tizim atrofida firibgarlar ko‘payganligini qayd etgan. «Xalq, rahbariyat oliy ta’limning „yuvelir“ darajada toza bo‘lishini xohlaydi», — degandi u.