Yevropa Kengashi (YeK) Vazirlar qo‘mitasi 16 martdan boshlab Rossiyani o‘z safidan chiqarishga qaror qildi. Bu haqda tashkilot saytida ma’lum qilindi.

«YeK Vazirlar qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishida YeK Nizomining 8-moddasiga muvofiq boshlangan tartib doirasida Rossiyani tashkilotdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi», — deyiladi xabarda.

15 mart kuni YeK Parlament Assambleyasi Rossiyani tashkilotdan chiqarish uchun ovoz bergan. Bu qarorni Assambleyaning 216 vakili qo‘llab-quvvatladi, uch nafari betaraf qolgan. Ushbu qarorga hech kim qarshi ovoz bermagan.

Yevropa Kengashi — inson huquqlari sohasida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi Yevropaning eng qadimgi xalqaro tashkilotlaridan biridir. Bugungi kunga qadar tashkilotga 47 davlatni a’zo bo‘lgan. YeK erishgan eng katta yutuqlardan biri inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining ishlab chiqilishi va qabul qilinishi hisoblanadi.

Rossiya ushbu tashkilotga 1996 yil 28 fevralda a’zo bo‘lgandi.

Avvalroq, 25 fevralda Rossiyaning ushbu tashkilotga a’zolik huquqlari to‘xtatib qo‘yilgandi.

Rossiya davlat Dumasi vitse-spikeri, Yevropa Kengashi Parlament assambleyasidagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Petr Tolstoy mazkur qarorni qoralab, Yevropaning eng yirik davlati bo‘lmish Rossiyasiz Yevropa Kengashi ishi o‘z ma’nosini yo‘qotayotganini ta’kidlagandi.

«Rossiya Yevropaning eng yirik davlati bo‘lib qoladi, usiz birorta ham Yevropa Kengashi bo‘lishi imkonsiz va keraksiz. Chunki unda haqiqat bo‘lmaydi», — deya ta’kidlagan edi Petr Tolstoy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy BMT Xalqaro sudiga Rossiya ustidan shikoyat kiritganini e’lon qilgandi. Ukraina rahbari Xalqaro suddan Rossiyaga harbiy harakatlarni to‘xtatishni buyurishini so‘ragan.