Davlat xavfsizik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda bir nechta noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi, deya xabar qildi O‘zA.

Xususan, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Milliy gvardiya viloyat boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Ishtixon tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan M.X. va 1980 yilda tug‘ilgan J.A. fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 8,5 gektar yer maydonini mahalliy fuqaroga 84 mln so‘mga sotishga kelishib, kelishilgan pul mablag‘larini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Departament xodimlari bilan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi fuqarolar — 1988 yilda tug‘ilgan R.X. va 1972 yilda tug‘ilgan X.F. Samarqand shahri hududida o‘zlariga tegishli bo‘lgan MCHJga qarashli Xitoy texnologiyasi asosida issiqhona qurish uchun ajratilgan 0,50 gektar sug‘oriladigan yer maydonini mahalliy fuqaroga 60 ming AQSh dollarga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 20 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Paxtachi tumanida yashovchi fuqarolar — 1982 yilda tug‘ilgan S.S. va 1976 yilda tug‘ilgan S.Sh. mahalliy fuqaroga sovun mahsulotlari ishlab chiqarish sexini tashkil qilish uchun o‘zlariga tegishli fermer xo‘jaligi hududidan 1,2 gektar yer maydonini 87 ming dollarga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 83 ming dollarini olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Hozirda bu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilmoqda.