Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan DXXning Oqdaryo tumani bo‘linmasi bilan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, fuqaro X. R. «B.T.» MCHJ ta’sischisi F. X. bilan oldindan til biriktirib, MCHJga Samarqand shahri, «Qorasuv» massividan Xitoy texnologiyasi asosida issiqxona qurish uchun ajratilgan 0,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonini belgilangan maqsadlarda foydalanmasdan, fuqaro A.ga 60 ming AQSh dollariga sotishga kelishgan. Gumonlanuvchilar shundan 20 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229−6-moddasi (sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand shahri, Ishtixon va Paxtachi tumanlarida ham yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edik.