11 martga o‘tar kechasi Buxorodagi XVI asrga oid “Talipoch qal’a darvozasi” qal’asi devorining bir qismi muttasil davom etgan yog‘ingarchilik tufayli qulab tushdi. Bu haqda viloyat madaniy meros boshqarmasi xabar qildi.

Holat yuzasidan, 12 mart kuni Buxoro viloyati hokimligi, Madaniy meros hamda Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mas’ul xodimlari va boshqarmaning maxsus eskspertlaridan iborat Jamoatchilik Ilmiy maslahat kengashi a’zolari ishtirokida joyida o‘rganish ishlari olib borilgan.


Foto: Buxoro viloyati madaniy meroc boshqarmasi matbuot xizmati

Devorning qulagan qismi 2003 yilda tiklangan. “Talipoch qal’a darvozasi” 2022 yil davomida asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining manzilli ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi bayonotida 2003 yildagi restavratsiya jarayonida “shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilgani”, “ta'mirlash ishlari malakali ustalar tomonidan amalga oshirilmaganini” qayd etilgan.


“Endilikda bu kabi kamchiliklarni oldini olish maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan madaniy meros obektlarini restavratsiya ishlarini puxta o‘ylangan reja asosida, malakali mutaxassislar ishtirokida amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda”, — deyilgan ma’lumotda.