Uzbekistan Airways «Temir daftar»ga kiritilgan ayollar uchun «Ilk parvozim» ijtimoiy loyihasi doirasida ijtimoiy aviaparvozlarni tashkillashtirishni boshladi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Ijtimoiy parvozlar Samarqand, Buxoro, Urganch kabi shaharlarga hamda O‘zbekistonning boshqa diqqatga sazovor joylari bo‘ylab amalga oshiriladi.

«Loyihaning asosiy maqsadi — «Temir daftar»ga kiritilgan ayollar orzularini ro‘yobga chiqarish. Loyiha ayollarga bir oz bo‘lsada hayotning kundalik muammolarini unutish va o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun vaqt ajratish imkonini beradi», — deyiladi xabarda.

Tanlab olinganlarning barchasi shu vaqtgacha samolyotda uchmaganini va parvoz qilishni juda orzu qilishini aytgan.

Qunduz Usmonova. Foto: Uzbekistan Airways

«3 farzandim bor. Xo‘jayinim o‘tib ketgan. Uy-joy, bola-chaqa, sharoitimizni deb ko‘chaga chiqmaganman. Samolyotda uchmaganman. Uchishni juda ozu qilaman. Negaki, osmonlarni ko‘rasiz, hamma narsani unutasiz deb o‘ylayman. Osmonga chiqish bir pas bo‘lcha ham odamga ruh bag‘ishlaydi. Har safar ko‘rganimda shu samolyotga chiqqim keladi», — deydi Qunduz Usmonova.

Nargiza Yusupaliyeva. Foto: Uzbekistan Airways

«Katta farzandim — o‘g‘lim 16 yoshda. Tug‘ma nogiron. Samoyotda uchishni orzu qilardim. Samolyotda uchgan odamlarni ko‘rsam, havasim kelardi», — deydi boshqa bir ishtirokchi Nargiza Yusupaliyeva.

Farida Qodirova. Foto: Uzbekistan Airways

Ayollardan yana biri shunday deydi: «Samolyotda uchishni orzu qilaman har doim. Osmondan [samolyot] o‘tsa: „Ana, samolyot, vertolyot. Bizni olib ketinglar“, deymiz. Qayerga ketishimizni bilmaymiz, lekin uchishni orzu qilamiz».