O‘zbekiston va Turkiya respublikalarida vakolatli organlar tomonidan berilgan COVID-19 virusiga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi rasmiy sertifikatlar o‘zaro tan olinadi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xabar berishicha, bu borada O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘zaro kelishuvga erishgan:

  • Tomonlar davlatlarning vakolatli organlar tomonidan berilgan COVID-19 virusiga qarshi emlanganlikni tasdiqlovchi rasmiy sertifikatlarni o‘zaro tan oladi;
  • Tomonlar emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikat egasiga, tomonlar davlatlarining hududiga COVID-19 virusi tarqalishini oldini olishga qaratilgan cheklovlarsiz kirishni kafolatlaydi;
  • Milliy darajada yoki JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalar bilan to‘liq emlangan ikki mamlakatdan kelgan sayoxatchilar, agar emlash tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, o‘z mamlakatlariga kirishda ushbu qoidalardan foydalanadi.

Eslatib o‘tamiz, 15 martdan boshlab Tojikiston hukumati MDH davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston tomonidan berilgan koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni rasman tan olishni boshlashi haqida yozgan edik.

Bundan tashqari, Buyuk Britaniya 10 yanvardan boshlab O‘zbekistonning koronavirusga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarini rasman tan olishni boshlagan edi.