Qozog‘istonda mamlakatdan 10 ming dollardan ortiq miqdorda naqd valyuta olib chiqib ketish taqiqlandi. Bu haqda prezident Qosim-Jomart To‘qayevning tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorda naqd puldan tashqari mamlakatdan 5, 10, 20, 50 va 100 grammlik oltin quymalar va oltin-kumush investitsion tangalarini hamda 100 grammdan og‘irroq bo‘lgan affinlangan oltinni olib chiqish ham taqiqlandi.

Bungacha, Qozog‘istondan 10 ming dollardan ortiq pulni deklaratsiyalash orqali, 100 ming dollar mablag‘ni esa kelib chiqish manbaini ko‘rsatuvchi hujjatni taqdim etgan holda olib chiqish mumkin bo‘lgan.

«Keyingi kunlarda vaziyatdan foydalanib ittifoqdagi Rossiya subyektlari Qozog‘istondan ommaviy tarzda naqd valyuta olib chiqib ketishi holatlari juda ko‘payib ketgan edi. Hozirgi krizis holat uchun to‘g‘ri qaror», — deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

14 fevraldan 14 martgacha dollarning tengega nisbatan kursi o‘zgarishi. Manba: Qozog‘iston Milliy banki.

Dollarning tengega nisbatan kursi 24 fevraldan — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va keyinchalik rubl hamda Rossiya indekslari tushib ketganidan boshlab keskin ko‘tarila boshladi. Agar 24 fevralda bir dollar 437,22 tenge bo‘lgan bo‘lsa, 14 martda 1 dollar 510,79 tengeni tashkil qilgan, ya’ni Qozog‘iston valyutasi uch hafta davomida 16,8 foizga qadrsizlangan.

Valyuta bozoridagi bosimni kamaytirish va inflyatsion kutilmalarni saqlab qolish uchun Qozog‘iston Milliy banki bazaviy stavkani darhol 3,25 punktga oshirib, 13,5 foizga yetkazdi. Jismoniy shaxslarning tangadagi omonatlari bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan kompensatsiya hisoblashni nazarda tutuvchi tanga omonatlarini himoya qilish dasturi e’lon qilindi va boshqa choralar ko‘rildi.

Milliy bank raisi o‘rinbosari Aliya Moldabekovaning aytishicha, 21 fevraldan oy oxirigacha valyuta bozoridagi beqarorlikni oldini olish maqsadida regulyator tomonidan umumiy qiymati 273,7 mln dollarlik intervensiyalar amalga oshirilgan.

O‘zbekistondan qancha valyutani olib chiqish va mamlakatga qancha olib kirish mumkin?

Ayni paytda jismoniy shaxslar O‘zbekiston hududiga cheklanmagan miqdorda naqd xorijiy valyutani olib kirishlari mumkin. Biroq, bu muayyan tartib-qoidalarda amalga oshiriladi. Agar olib kirilayotgan naqd xorijiy valyutaning umumiy summasi 70 mln so‘m ekvivalentidan oshsa, yo‘lovchi bu haqda bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishi shart, naqd chet el valyutasi esa 70 mln so‘m ekvivalentidan kam bo‘lsa, og‘zaki deklaratsiyalash yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

O‘zbekistonga olib kirilayotgan naqd xorijiy valyuta miqdori 70 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa va deklaratsiya qilinmasa, bu qonun buzilishi hisoblanadi. Bunday holda, mablag‘lar rasmiylashtiriladi va olib qo‘yiladi. Tegishliligiga ko‘ra, ma’muriy yoki jinoiy ish qo‘zg‘atiladi. Naqd xorijiy valyutaning keyingi taqdiri sud qarori bilan hal qilinadi.

Jismoniy shaxslarga O‘zbekistondan 100 mln so‘m va undan kam miqdorda mablag‘ olib chiqishga ruxsat beriladi. Bu trda quyidagilarni yodda tutish lozim:

  • 70 mln so‘m miqdoridagi, ya’ni ushbu summadan ko‘p bo‘lmagan naqd xorijiy valyutani yozma bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmasdan, og‘zaki deklaratsiya qilish yo‘li bilan olib chiqishga ruxsat etiladi.
  • 70 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha ekvivalentdagi naqd xorijiy valyuta bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan holda olib chiqilishi shart.

100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd xorijiy valyutani olib chiqishga quyidagi hollarda ruxsat etiladi:

  • rezidentlar — xorijiy davlatlarga xizmat safariga ketayotgan hukumat delegatsiyasi a’zolari uchun Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida;
  • norezidentlar — mamlakatga kirish chog‘ida rasmiylashtirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida deklaratsiya qilingan mablag‘lar doirasida (misol uchun, xorijiy fuqaro O‘zbekistonga kirish chog‘ida 15 ming AQSh dollarini olib kirgan bo‘lsa, bu yerda qanchadir mablag‘ini sarflagach, qolgan qismi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa-da, olib chiqib keta oladi);
  • mamlakatda belgilangan tartibda tashkil qilingan xalqaro musobaqalar (tanlovlar, olimpiadalar) sovrindorlari yoki qatnashchilari tomonidan mablag‘larning qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida.

Yana bir muhim jihati shundaki, 100 mln so‘m ekvivalentidan ortiq naqd xorijiy valyutani olib chiqishga ruxsat faqatgina norezidentlarga tatbiq etiladi. Rezidentlarga, ya’ni O‘zbekiston fuqarolariga, qancha miqdorda naqd xorijiy valyutani olib kirganlaridan qat’i nazar, 100 mln so‘mdan oshmagan miqdorda naqd xorijiy valyutani olib chiqishga ruxsat etilgan.

Ma’lumot uchun, yuridik shaxslar tomonidan naqd so‘mni va chet el naqd valyutasini O‘zbekistonga olib kirish hamda olib chiqish taqiqlanadi, bundan respublikadagi banklar mustasno.