O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Prezidentlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, shu jumladan Ukraina atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashdilar. «Vaziyatning yanada keskin tus olishiga yo‘l qo‘ymaslik va mojaroni tez fursatda tartibga solish uchun siyosiy-diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada mustahkamlash va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-birini tabriklab, samimiy istaklarini bildirdilar. Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish borasida birgalikda katta ishlar qilingani, o‘zaro ishonch va sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yetakchilar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi amaliy hamkorlik holati va istiqbollarini ham muhokama qildilar, turli darajalarda muntazam siyosiy muloqot va faol aloqalarni davom ettirish muhim ekanini ta’kidladilar.

Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan savdo, investitsiyalar, yuqori texnologiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

Moliyaviy-texnik ko‘makni hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni, eng avvalo, O‘zbekistonda nemis tilini chuqurlashtirilgan o‘qitish sohasida kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Avvalroq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatdan xavotirda hamda zo‘ravonlikni to‘xtatish va barcha muammolarni siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilish zarur, deb hisoblaydi, deya ma’lum qilgan edi. Shuningdek, u Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi va Yevropa hamda Osiyo o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘tab kelayotgan Turkiyani misol sifatida keltirdi.