2021 yilda shartnomaviy qarzdorlikni undirishga oid da’vo arizalar bo‘yicha davlat organlarining hisobidan deyarli 11,5 mlrd so‘mlik asosiy qarzdorlik va taxminan 2,2 mlrd so‘mlik davlat boji undirilgan. Bu haqda Bu haqda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) matbuot xizmati ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yil davomida biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan kelib tushgan shartnomaviy munosabatlarga oid 360 ta murojaatning 210 tasi shartnomalar bo‘yicha qarzdorlikni undirish bilan bog‘liq bo‘lgan. Hududlar kesimida bu boradagi murojaatlar soni bo‘yicha Toshkent shahri (90), Andijon (37) va Jizzax (33) viloyatlari yetakchilik qilgan.

Biznes-ombudsman tomonidan ushbu holatlar bo‘yicha kiritilgan da’vo arizalari natijasida sudlar tomonidan tadbirkorlar foydasiga davlat organlarining hisobidan deyarli 11,5 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilingan.

Masalan, Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi «Future» MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha to‘lovlarni undirishda amaliy yordam berishni so‘rab, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. Unga ko‘ra, jamiyat va Davlatobod tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi o‘rtasida autsorsing asosida oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan. Unga muvofiq, jamiyat tomonidan majburiyatlar to‘liq bajarilgan bo‘lsada, ko‘rsatilgan xizmat uchun to‘lovlar amalga oshirilmagan.

Shunga ko‘ra, jamiyat manfaatida Namangan tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo ariza kiritilib, sudning hal qiluv qarori bilan Davlatobod tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi hisobidan jamiyatga 418 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish belgilangan.

Biznes-ombudsmanning ta’kidlashicha, tadbirkorlar o‘zlariga qonuniy asosda tegishli bo‘lgan mablag‘larni davlat organlaridan sud orqali undirishga majbur bo‘lmoqda. Aksariyat hollarda sudlar tadbirkorning tarafini olishi va uning foydasiga qaror qabul qilishi tendensiyasi mavjud.

Shu bilan birga, qarzdor davlat organi nafaqat qarzdorlikni, balki davlat bojini ham to‘lashi kerak. «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, xo‘jalik sudlariga kiritilgan mulkiy hususiyatga ega bo‘lgan da’vo arizalari bo‘yicha davlat boji miqdori da’vo bahosining 2% miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorini tashkil etadi.