O‘zbekiston va Qozog‘iston 16 martdan muntazam avtobus qatnovini tiklaydi, deb xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Shu kundan boshlab quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi:

  • Toshkent — Olmaota;
  • Toshkent — Irgeli (Olmaota chekkasi);
  • Toshkent — Qizilo‘rda;
  • Toshkent — Nur-Sulton;
  • Toshkent — Turkiston;
  • Toshkent — Chimkent;
  • Chirchiq — Olmaota;
  • Chirchiq — Chimkent.

Shuningdek, Transport vazirligi Qozog‘iston orqali Rossiya va Qirg‘izistonga tranzit avtobus tashuvlarini tashkil etish yuzasidan muzokaralar olib borilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi xalqaro avtobus qatnovi 2020 yilning 16 mart kuni, koronavirus pandemiyasi boshlangan paytda to‘xtatilgan edi. Keyinchalik quruqlik chegarasi bir necha bor ochildi, lekin shundan beri avtobus qatnovi tiklanmagandi.

2022 yil 15 yanvardan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasini kesib o‘tishga vaqtinchalik cheklovlar kiritdi. Cheklovlar havo qatnovi, yuk mashinalari haydovchilari va boshqa ayrim toifadagi fuqarolarga taalluqli emas.

Fevral oyi oxirida tomonlar yer usti yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatishni tiklash rejalarini muhokama qilgandi.

Avtobus biletlari bo‘yicha ma’lumotlarni «Toshkent» avtovokzalidan olishingiz mumkin.

Telegram kanali: https://t.me/Toshkent_Avtovokzali

Avtovokzal telefon raqami: 71 207−87−00

Sayti: http://avtovokzal24.uz