Pokiston O‘zbekistonga halol mol go‘shtining birinchi partiyasini jo‘natdi, deb yozdi Spot mahalliy Business Recorder nashriga tayanib.

9 mart kuni Karachidan taxminan 40 ming dollarlik 18 tonna go‘sht solingan muzlatgich-konteyner jo‘nab ketdi. Yuk Toshkentga kelasi hafta yetib kelishi kutilmoqda. Yuk Pokistonning Shaheen Group va Pyramid Logistics kompaniyalari tomonidan jo‘natilgan.

Jo‘natish marosimida Shaheen rahbari Malik Sher Xon mart oyida O‘zbekistonga yana 50 konteyner (jami 900 tonna) go‘sht jo‘natilishini aytdi. Kelgusi oylarda go‘sht eksporti ortadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston O‘zbekiston bozoriga yaqinda, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitimlar tuzilganidan so‘ng va tovar ayirboshlash hajmi ko‘payganidan so‘ng diqqat bilan qaray boshlagan.

Pyramid Logistics kompaniyasi direktori Navid Marvat O‘zbekiston bozorining Pokiston go‘shti uchun katta salohiyati borligini qayd etdi.

4 mart kuni ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi va tranzit savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon transafg‘on temir yo‘lini yanada rivojlantirishga kelishib oldi.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston hamda Pokiston hukumatlari o‘rtasida tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim tasdiqlovchi qarorni imzolagandi.

Transport yo‘nalishlari va bozorlarini diversifikatsiya qilish

O‘zbekiston bir necha yildan buyon transport yo‘nalishlari va eksport bozorlarini diversifikatsiya qilish choralarini ko‘rmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘lining ahamiyati haqida bir necha bor gapirgan.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Rossiya yoki Qozog‘iston orqali mahsulot eksport qilishi kerak edi. Transafg‘on temir yo‘li ishga tushirilishi bilan O‘zbekiston Pokistonning Karachi va Gvadar portlariga chiqish niyatida, qo‘shni davlatlar esa o‘zbek mahsulotlari tranziti uchun tariflarni pasaytira oladi.

«Agar bu bozorga kira olsak, dengiz portlari orqali boshqa bozorlarga ham kira olamiz», — dedi prezident.

Spot nashrining yozishicha, 2021 yilning noyabrida O‘zbekistondan ilk tranzit yuk Pokistonga yetib kelgan. Pokiston tomoni buni «yangi hamkorlik davrining boshlanishi» deb ta’riflagan.

Ko‘p o‘tmay Pokiston O‘zbekistondan yuk tashuvchilar uchun bojxona tartiblarini soddalashtirdi. Jumladan, yuk mashinalari mamlakatga kirish to‘lovi bo‘yicha garov puli to‘lamasdan kirishi mumkin. Bu Gvadar, Karachi va Qosim portlari orqali kiruvchi va chiquvchi yuklarning tranzitini kengaytiradi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida Pokiston O‘zbekistonga oziq-ovqat eksport qiluvchi davlatlar orasida 6,1 mln dollarlik (o‘sish 7,5 barobar) mahsulot eksport qilgan holda 5-o‘rinni egalladi. Xususan, kartoshka yetkazib berish 23,5 baravarga oshib, 3,3 mln dollargacha, mandarin yetkazib berish esa 5,8 barobarga o‘sib, 2,69 mln dollargacha yetdi.

O‘zbekistonda go‘sht bilan bog‘liq vaziyat

Oliy Majlis Senatining budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev 2021 yilning kuzida aholining chorvachilikka bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun mamlakatda tibbiyot me’yorlarga muvofiq 1,5 mln tonna (bir kishi boshiga yiliga 42,8 kilogramm) go‘sht zarurligi haqida ma’lumot bergandi. 2021 yilda 1,4 million tonna ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi, bu 2020 yilga nisbatan 4 foizga ko‘pdir.

«Bu miqdor aholi iste’moli talabining 93 foiziga teng. Demak ehtiyojning qolgan qismi import go‘sht hisobidan qoplanishi kerak», — degan edi u.

2021 yilning 11 oyi davomida O‘zbekiston 27,6 ming tonna go‘sht import qildi, shundan 67 foizi yoki 18,7 ming tonnasi Belarus hisobiga to‘g‘ri keldi. Qozog‘istondan 4200 tonnaga yaqin , Ukrainadan — 2600 tonna go‘sht import qilingan.

Prezident qarori bilan 2022 yil 31 dekabrga qadar besh turdagi tovarlar, jumladan, go‘sht, sariyog‘, un va sovun importi uchun bojxona to‘lovlari stavkalari nolga tushirildi. 30 aprelga qadar go‘sht, sariyog‘, kartoshka, chorva mollari va baliqlarni import qilishda ham QQS stavkasi nolga teng bo‘ladi.