Yangiyo‘l tumanida “Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lining 838-kilometrida avtobus yonib ketdi, deb xabar berdi IIV Yo‘l harakati xavfsizlik xizmati.

Voqea 11 mart kuni soat 17:00 larda sodir bo‘lgan, “Isuzu” rusumli avtobus 1957 yilda tug‘ilgan K.T. boshqaruvida bo‘lgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan. Hodisa natijasida fuqarolar tan jarohati olmaganligi aytilmoqda.

Fotosuratlardan ko‘rish mumkinki, avtobusning ichki qismi to‘liq yonib ketgan. Ushbu hodisa yuzasidan Yangiyo‘l tumani FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu kuni Toshkent shahridagi avariyada bir kishi halok bo‘ldi. Voqea Yashnobod tumani Sodiq Azimov ko‘chasida sodir bo‘ldi.

“Lacetti” haydovchisi (1983 yilda tug‘ilgan) taxminan soat 23:00 da yo‘lning qatnov qismini belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. “Natijada 1962 yilda tug‘ilgan 60 yoshli piyoda tan jarohatlari oqibatida ertasi kuni kasalxonada bemor vafot etdi”, — deyiladi xabarda.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Tergov ishlari olib borilmoqda.