O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokiston Islom Respublikasida bo‘lib o‘tgan V Xalqaro «Jamoa ruhi» musobaqasida rekord natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.


Musobaqa Pokiston Qurolli Kuchlariga qarashli Pabbi shahridagi 22-armiya korpusi Terrorizmga qarshi kurashish milliy o‘quv markazi bazasida o‘tkazildi. Unda Marokash, Iordaniya, Keniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka, Nepal va O‘zbekiston, shuningdek Pokistondan (8 ta guruh) jami 16 ta razvedka jamoalari qatnashdi.

Musobaqa jarayonini Tojikiston, Qozog‘iston, Bahrayn va Xitoy davlatlarining Qurolli Kuchlar vakillari kuzatib bordi.

Musobaqa shartlariga ko‘ra, jamoalar 80 kmgacha bo‘lgan marshrutning 6 ta nazorat nuqtasida azimut bo‘yicha harakatlanib, taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirg‘in qurollardan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni bajarish, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqlaridan o‘tdi.

O‘zbekiston harbiy jamoasi ayniqsa yakka tartibdagi mutaxassislik tayyorgarligi bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvlarda, guruhning radiotelefonisti, muhandisi, mergani va feldsher kabi razvedkachilari yuqori natijalar ko‘rsatishga muyassar bo‘lishdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi qur’aga binoan birinchi nazorat nuqtasidan o‘ninchi bo‘lib harakatlanishni boshlagan bo‘lsa-da, ushbu musobaqaning uchinchi nazorat nuqtasiga qolgan jamoalardan 6 soat oldin yetib bordi va eng yuqori — 2850 ballni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin 1860 ball to‘plagan Marokash jamoasiga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa esa 2010 ball bilan — Shri-Lanka hamda 1900 ball bilan — Saudiya Arabistoni loyiq deb topildi.