9 mart kuni Toshkentda O‘zbekiston va Eron xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma komissiyasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shu kuni komissiya tuzish to‘g‘risidagi hujjatni O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi Ali Shamxoniy imzoladi.

Eronning Irna va Mehr News agentliklari mazkur hujjat Toshkent va Tehron o‘rtasida terrorizm, ekstremizm, narkotik moddalar kontrabandasi va boshqa transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda hamkorlik qilish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi haqida xabar berdi.

Ali Shamxoniy mintaqada terrorizm va ekstremizm tarqalishining oldini olish Eron va O‘zbekistonning xavfsizlik vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan umumiy chegara ushbu mamlakatda muammolarni hal qilish, tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish uchun hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi.

9 mart kuni Ali Shamxoniy O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qabul qilindi. Davlat rahbari matbuot xizmati majlisda «Xavfsizlik bo‘yicha qo‘shma komissiyaning birinchi yig‘ilishining amaliy natijalari ijobiy baholangani»ni ma’lum qildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy, transport-kommunikasiya sohalaridagi loyihalar, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdagi hamkorlik, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat va ushbu mamlakatdagi gumanitar inqirozni bartaraf etishga ko‘maklashish choralarini muhokama qildi.