Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor o‘tkazmoqda.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning yozishicha, yig‘ilishda 37 trln so‘mlik yangi mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha 2022−2023 yillar uchun 2,5 mingta loyihani ishga tushirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning aniq ijrosini so‘rash vaqti kelgani qayd etildi.

«Bugungi o‘zgaruvchan sharoitda iqtisodiyotimizni barqaror o‘sishini ta’minlashning eng samarali yo‘li — ichki imkoniyatlarni ishga solish, ya’ni import bo‘layotgan tayyor mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish va mahalliy sanoatni yanada rivojlantirishdan iborat. Bu milliy iqtisodiyotimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerak. Buni o‘ylamagan, atrofdagi vaziyatdan bexabar, siyosatni tushunmaydigan hokim yoki tarmoq rahbarining ishlashga haqqi yo‘q», — dedi davlat rahbari.

Prezident ko‘p tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada hali dunyoqarashini o‘zgartirmagani, hozirgi vaziyatdan xulosa chiqarmayotganini tanqid qildi.

Ushbu dastur ijrosi bo‘yicha Farmatsevtika agentligi rejani 51%ga, «O‘zbekiston temir yo‘llari» esa 10%ga bajarmagani, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha ishlar boshlanmagani, «Issiqlik elektr stansiyalari» esa rejani atigi 26%ga bajargani ko‘rsatildi.

«Shuning uchun Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Kariyevga „hayfsan“ e’lon qilindi. Uning ikkala o‘rinbosarini (Dilshod Akbarov va Alisher Temirov) ishdan olishga ko‘rsatma berildi», — deyiladi xabarda.

Bosh vazirga mazkur Agentlik faoliyatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish topshirildi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» raisi v.b. Xusnutdin Xasilovga «hayfsan», «Issiqlik elektr stansiyalari» raisi Farhod Abduraxmonov, «O‘zmetkombinat» direktori Rashid Pirmatov, «O‘zbekneftgaz» raisining birinchi o‘rinbosari Shahzod Alirizayevga qat’iy ogohlantirish berildi.

Yanvar-fevral oylarida «Elektron kooperatsiya» portali orqali 860 mlrd. so‘mlik 5 mingta shartnoma tuzilgan bo‘lsada, ijrosi ayrim hududlarda bajarilmagani, elektron savdolarda Qoraqalpog‘iston, Namangan, Surxondaryo va Xorazmdagi korxonalar ulushi 1%ni ham tashkil qilmasligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda bundan ikki yil avval oziq-ovqat sanoati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazilib, alohida vazir o‘rinbosari lavozimi, maxsus jamg‘arma tashkil etilgani, barcha vakolatlar berilgani ta’kidlandi.

Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev.

Lekin, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev va uning o‘rinbosari Anvar Asomov masalani ichiga kirmayotgani, pastga tushib tizimda amaliy natijalar qila olmayotgani tanqid qilindi. «Ular oziq-ovqat sanoati bo‘yicha bir oy muddatda o‘zgarish qilmasa, ularga qat’iy choralar ko‘riladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Birorta hokimda hududiy import balansi, ichki imkoniyatlar va viloyatda ishlab chiqarsa bo‘ladigan tovarlar bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi ta’kidlandi.

«Bu borada hokimlar bergan rejalar ham buni tasdiqlab turibdi. Bu mutlaqo yetarli emas», — dedi prezident.

Vazirlar Mahkamasiga hukumat qarorini qabul qilib, har bir tarmoq va hudud rahbarining majburiyatlari, aniq hisob-kitoblar, mas’ul va javobgarlarni belgilash topshirildi.