Prezidentning 7 martdagi farmoniga muvofiq, 1 apreldan boshlab to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilishga ruxsat beriladi. Bunda xizmat pullik shaklda bo‘ladi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayevaning «Gazeta.uz»ga aniqliq kiritishicha, to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti — bu bolalar soni o‘rnatilgan mo‘ljaldan kamroq bo‘lib qolgan bog‘chalar hisoblanadi. Masalan, o‘rinlar soni 200 nafar bola bo‘lgan lekin, ayni paytda faqat 150 nafar bolaga qarayotgan davlat bog‘chalari qo‘shimcha to‘lov asosida 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qilishlari mumkin.

Vazirlik bergan ma’lumotga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkiloti tomonidan ko‘rsatilishi rejalashtirilayotgan qo‘shimcha xizmatlar turlari hamda ular uchun belgilanadigan to‘lovlar miqdori MTMlarning Kuzatuv kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi.

Shuningdek, MTMlar tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlarning narxlar preyskuranti tegishli maktabgacha ta’lim tuman (shahar) bo‘linmasi bilan kelishilgan holda maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori tomonidan tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, prezident farmonida 1 apreldan boshlab boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarning farzandlari davlat MTMlariga to‘lanadigan ota-onalar badalidan ozod qilinishi aytilgan. Ularning 3 yoshgacha bo‘lgan farzandlari uchun nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga davlat budjetidan subsidiyalar ajratiladi.

Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev fevral oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida bog‘chalarga bolalarni ikki yoshdan boshlab olish reja qilinayotgani haqida aytgandi.

«Bog‘chalarga bolalarni 2 yoshdan qabul qilish bo‘yicha mening ham niyatim bor. Ammo hali ozroq vaqt bor. Iqtisodiyotimizni salgina mustahkamlab olaylik, keyin bu ishni amalga oshiramiz», — degan edi o‘shanda prezident.