Strategik rivojlanish agentligi rahbari o‘rinbosari Aleksey Sim «Iqtisodiy sharh» nashriga bergan intervyusida 2021 yilda O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritgan davlatlar beshligini sanab o‘tdi.

Uning ma’lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotiga 50 dan ortiq davlat investitsiya kiritmoqda. Asosiy investor davlatlar beshligiga esa quyidagilar kiradi:

  1. Xitoy — 2,2 mlrd dollar;
  2. Rossiya — 2,1 mlrd dollar;
  3. Turkiya — 1,18 mlrd dollar;
  4. Germaniya — 800,7 mln dollar;
  5. Janubiy Koreya — 137,4 mln dollar.

2021 yil yakuniga ko‘ra, o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 11,1 mlrd dollarni tashkil etib, yillik prognozga nisbatan 113 foizga bajarilgan. Shu jumladan, asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar 9,8 mlrd dollarga yetgan (2020 yil ko‘rsatkichlariga nisbatan o‘sish sur’ati 110 foiz).

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TTXI) va kreditlar 9 mlrd dollarga yoki prognozga nisbatan 117 foizga, shu jumladan, asosiy kapitalga 2020 yilga nisbatan 124 foizlik o‘sish bilan 8,2 mlrd dollar o‘zlashtirilgan.

Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘larining o‘zlashtirilishi 2,1 mlrd dollar yoki yillik prognozning 100 foizini tashkil etgan.

2021 yilda TTXI va kreditlar hisobidan tarmoq korxonalari tomonidan 3,8 mlrd dollar yoki prognozga nisbatan 103 foizga, hududiy loyihalar bo‘yicha esa 5,2 mlrd dollar yoki prognozga nisbatan 130 foizga o‘zlashtirilgan.

Investitsiyalarning asosiy hajmi energetika sektori, metallurgiya, kimyo sanoati, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, IT-texnologiyalar, qurilish, farmatsevtika, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lumot uchun, 2021 yilda O‘zbekistonda 10 mlrd dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, 12 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlar eksport qilingan.