10 mart kuni Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida «Shirin» MFY hududida ruxsatsiz 3 tup chinor daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesib tashlagani aniqlandi. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Farg‘ona viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Qo‘qon shahar bo‘limi davlat inspektorlari bu hodisani atroflicha o‘rganib, tabiatga 103 mln 950 ming so‘mlik zarar yetkazilgan deb topdi.

Shuningdek, fuqaro B.Q.ga MJtKning 79-moddasi 1-qismiga asosan BHMning 5 barobari (1 350 000 so‘m) miqdorida jarima ham qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Misol tariqasida, yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi «dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan», — deb ma’lum qilgan edi.

Bundan tashqari, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik. Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.