Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq rahbari Karim Masimov hamda davlatga xiyonat, hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olishga tayyorgarlik ko‘rish va hokimiyatni suiiste’mol qilishda gumon qilingan boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tafsilotlari oshkor qilindi.

Ma’lum qilinishicha, tergov davomida Karim Masimovning harakatlarida «ko‘plab korrupsiya belgilari» aniqlangan. Xususan, «mahalliy ishbilarmon doiralar vakillari va xorijiy subyektlardan ko‘chmas mulk, qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, madaniy boyliklarni, katta miqdordagi mablag‘larni noqonuniy olish faktlari hujjatlashtirilgan».


Masimov Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat yuritgan vaqtida yopiq shartnomalardan biri bo‘yicha xorijiy davlat vakillaridan 2 million dollar miqdorida pora olgani fakti ham tekshirilmoqda. Ayni vaqtda mazkur mablag‘lar Gonkongdan Qozog‘iston Milliy bankiga qaytarilgan.


Bundan tashqari, Masimovga nisbatan bosh vazir bo‘lib ishlagan davrida biznes tuzilmalaridan biridan poytaxtda qiymati qariyb 2,5 milliard tenge (deyarli 5 million dollar) bo‘lgan elita mehmon uyi va yer uchastkasini «olgani» yuzasidan tergov boshlangan.

«Masimov 2022 yil yanvarida hibsga olinganidan so‘ng ushbu mehmon uyidan 17,2 mln dollar naqd pul, shuningdek, ko‘plab hashamatli buyumlar — qimmatbaho soatlar, tilla quymalar, antiqa buyumlar va boshqa ko‘p narsalar olib qo‘yildi. Bundan tashqari, unga tegishli biznes-klassdagi 11 ta qimmatbaho avtomobil musodara qilindi», — deyiladi xabarda.


Milliy xavfsizlik qo‘mitasi gumonlanuvchining Nur-Sultondagi ikkita hashamatli kvartirasi, Olmaotadagi ikkita kvartirasini va qasrini, shuningdek, uchinsk-Borovsk kurort hududida ko‘l bo‘yidagi 1 gektar yer uchastkasini ham olib qo‘ygan.


«Masimovning yaqinlaridan 5,1 mln dollar musodara qilindi va xatlandi. Bir vaqtning o‘zida, Masimov va uning atrofidagilar tomonidan chet el banklaridagi hisob raqamlari orqali noqonuniy ravishda olib chiqib ketilgan bundan ham kattaroq mablag‘larni qidirish, xatlash va Qozog‘istonga qaytarish bo‘yicha ishlar tashkil etildi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

56 yoshli Karim Masimov 2016 yil sentabridan 2022 yil 6 yanvarigacha Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqargan. U yil boshida mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida ishdan bo‘shatilgan edi. Masimov mazkur lavozimdan avval turli yillarda Qozog‘iston bosh vaziri, prezident ma’muriyati rahbari, prezident yordamchisi mansablarida ishlagan.