Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosarlari tayinlandi. Bu haqda prezident Administratsiyasiga yaqin «Nigoh» Telegram kanali xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ozoda Parpibayeva Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Bunga qadar u Toshkent viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Parpibayeva avvallari Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Ozoda Parpibayeva. Foto: O‘zA.

Shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti prorektori Ra’no Turdiboyeva qo‘mita raisining o‘rinbosari bo‘ldi. U oktabr oyidagi saylovlarda prezident Shavkat Mirziyoyevning ishonchli vakili sifatida faoliyat yuritgan edi.

Rano Turdiboyeva. Foto: O‘zLiDeP matbuot xizmati.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining yana bir o‘rinbosari sifatida «Mahalla va oila» Ilmiy-tadqiqot instituti direktori Nodira Egamberdiyeva tayinlandi.

Nodira Egamberdiyeva. Foto: Suv xo‘jaligi vazirligi.

Ma’lumot uchun, oldinroq O‘zbekistonda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil etilganligi, Zulayho Mahkamova unga rahbarlik qilishi haqida xabar berilgan edi.