Kishilik jamiyatida har qanday xatti-harakatning, u xoh alohida shaxsga, xoh shaxslar guruhiga taalluqli bo‘lsin, maqsadi va xarakteriga mos ravishda o‘z iqtisodiy to‘lovi bor. Shu jumladan, davlatlar o‘rtasida yuzaga keluvchi har qanday turdagi ziddiyatlar, mintaqaviy mojarolar, bir-birining ichki ishlariga aralashish va suverenitetiga dahl qilish kabi xatti-harakatlar ortidan yo‘l qo‘yiladigan tajovuzkor harbiy operatsiyalar va urushlar — og‘ir iqtisodiy oqibatlarga olib keladi.

Urush natijasida davlatlar o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar, diplomatik va savdo aloqalariga putur yetadi, xalqlar o‘rtasida adovat uyg‘onadi, mavjud va potensial inson kapitali yo‘qotishlarga yuz tutadi, ijtimoiy infratuzilma jiddiy shikastlanadi, iqtisodiy taraqqiyot sekinlashadi, insonlarning normal hayot tarzi izdan chiqadi va uzoq yillik psixologik travmalar yuzaga keladi. Urush oqibatlari qanday xarakterga ega bo‘lishidan qat’i nazar (demografik, siyosiy, ijtimoiy, psixologik va hokazo), bularning barchasi oxir-oqibat iqtisodiy yo‘qotishlar bilan o‘lchanadi va ularni bartaraf etish ham, o‘z navbatida, iqtisodiy resurslarning safarbar etilishini talab qiladi.

Iqtisodchi Tejvan Pettinjerning yozishicha, urushlar «talab, bandlik, innovatsiyalar va biznes uchun daromad yaratishi nuqtai nazaridan manfaatlidek bo‘lib tuyulishi mumkin (ayniqsa, urush boshqa mamlakatlarda sodir bo‘lganda)». Biroq, urushning «iqtisodiy foydasi» haqida gap ketganda «singan oyna illyuziyasi»ni ham e’tiborga olish lozim — ya’ni zararni qoplash uchun qilingan xarajat, natijasi manfaat yetkazgandek ko‘rinsa-da, iqtisodiy o‘sishga xizmat qilmaydi.

«Urushga pul sarflash katta miqdordagi muqobil xarajatlar demakdir — bombalar ishlab chiqarish va vayron qilingan shaharlarni qayta qurish o‘rniga, shu mablag‘larni ta’lim yoki sog‘liqni saqlash sohasini yaxshilash uchun sarflashimiz mumkin edi», — deya qayd etadi mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, urush — umumiy iqtisodiy farovonlikni keskin pasaytiradi.

Shuningdek, bir qator tadqiqotchilar urushning iqtisodiy zarari uch toifaga ko‘ra baholanishini qayd etishadi:

  • urushni moliyalashtirish uchun safarbar qilingan resurslarning muqobil xarajatlari nuqtai nazaridan;
  • insoniy yo‘qotishlar, inson kapitali va jismoniy kapitalning zararlanishi;
  • aholi jon boshiga YAIM ko‘rsatkichining pasayishi.

Quyida urushlar keltirib chiqaradigan oqibatlarning ayrimlari (e’tibor qiling, hammasi emas) xususida so‘z yuritamiz.

Inflyatsiya

Urushlar aksariyat hollarda inflyatsiya darajasining keskin o‘sishiga olib keladi. Bunga mamlakatda tovar-pul nisbati muvozanatining buzilishi, ishlab chiqarish quvvatlariga turli darajada zarar yetishi, tashqi savdo kanallarining yopilishi va boshqa bir qator omillar ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Qolaversa, iqtisodiy voqeliklar ko‘p jihatdan odamlarning xatti-harakatlari va qarorlari bilan bog‘liq. Xususan, mamlakatdagi beqarorlik va noaniqlik aholida vahima uyg‘otadi, keskin qaror qabul qilishga undaydi va, eng avvalo, birlamchi ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan tovarlar zaxirasini yaratishga turtki bo‘ladi. Natijada keskin ko‘tarilgan yalpi talab va ayni paytda urush vaziyatida ishlab chiqarishning qisqarishi yoki to‘xtashi inflyatsiya o‘sishini tezlashtirib yuborishi, ayrim hollarda, narxlarning shunchaki spekulyativ tarzda, sun’iy oshirilishiga olib kelishi mumkin.

Urushlar — ulkan moliyalashtirish manbalarini talab qiladi. XIX asrning ikkinchi yarmida, fuqarolar urushi vaqtida AQSh Konfederativ hukumati urush xarajatlarini asosan pul bosib chiqarish hisobiga qoplagan, sababi soliq tushumlari va bondlarni joylashtirishdan olingan daromadlar hajmi juda kichik edi. Natijada mamlakatda tovar-pul nisbatidagi muvozanat buziladi — tovar bilan ta’minlanmagan pullar ko‘payishi tez orada pulning qadrsizlanishiga olib keladi. Buning ustiga mehnatga layoqatli yoshdagi erkaklarning harbiy harakatlarga jalb qilinishi mamlakatda ishlab chiqarishning qisqarishiga sabab bo‘ladi. Pirovardida AQSh 1861−1865 yillar oralig‘ida o‘z tarixidagi eng yuqori darajadagi inflyatsiyalardan birini boshdan kechiradi.

Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi vaqtida AQSh federal rezervi tomonidan katta miqdorda davlat qimmatli qog‘ozlarining joylashtirilishi ortidan pul bazasining o‘sishi hamda dunyo oltinining katta qismi mamlakatga oqib kirganligi sabab pul taklifining oshishi yuqori darajadagi inflyatsiyani keltirib chiqargan. Hatto narxlar, ish haqi va iste’mol krediti nazorati ham buning oldini ololmagan.

Qolaversa, urush mobaynida AQSh iqtisodiyoti ta’minotchi sifatida o‘zining to‘la potensialiga yaqin darajada ishlagan. Nazariy jihatdan, iqtisodiyotning to‘liq quvvatda ishlashi (deyarli) to‘la bandlikni ta’minlaydi, ishsizlik va inflyatsiya darajalari o‘rtasida esa teskari bog‘liqlik mavjud bo‘lib, ishsizlik darajasining keskin tushib ketishi inflyatsion bosimga olib keladi.

Rossiya-Ukraina munosabatlari misolida oladigan bo‘lsak, jahon bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan mazkur ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatlar ortidan, hali COVID inqirozidan so‘ng to‘liq tiklanib ulgurmagan jahon bozorida ayrim tovarlar (neft, palladium, bug‘doy va hokazo) narxlarining keskin ko‘tarilishi kuzatildi.

Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari fonida Rossiyadagi yirik riteylerlar orasida narxlar o‘zgarishi yuzasidan The Bell nashri tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, mamlakatda 24 fevraldan boshlab, avtomobil, texnika vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat va alkogol mahsulotlari hamda gullar narxlarida keskin o‘sish kuzatilayotganligi qayd etilgan. Ayniqsa, import qilinadigan tovarlar yoki xomashyoga bog‘langan biznes vakillari eng ko‘p aziyat chekmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi yirik supermarketlar tarmoqlari talabning keskin o‘sishini va aholi xarid qobiliyatini inobatga olgan holda, ko‘ngilli tarzda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar narxlariga qo‘yiladigan ustamani 5% dan oshirmasliklarini ma’lum qilishgan.

Investitsiyalar

Bozor — har qanday ijtimoiy-siyosiy ziddiyat, tartibsizlik va beqarorlikning riskini yuqori baholaydi va shunga mos javob qaytaradi. Shu nuqtai nazardan, bu kabi holatlar mamlakatning investitsion jozibadorligini pasaytiradi, mavjud xorij kapitalining (ayrim hollarda, mahalliy kapitalning ham) bozordan yoki mamlakatdan butunlay chiqib ketishiga, potensial kapital oqimining kamayishiga olib keladi.

Tartibsizlik va noaniqliklar vaqtida investitsiya kiritish — pullaringizni yong‘in bo‘layotgan xonada qoldirishga o‘xshaydi. Yong‘in o‘z vaqtida bartaraf etilib, pullaringizga zarar yetmasligining juda kichik ehtimoli mavjud bo‘lgan taqdirda ham, muayyan vaqtga halovatingizni yo‘qotasiz. Shunday ekan, investorlar ziddiyatlar va urush holatidagi mamlakatga, hatto urush tugab, barchasi iziga tushganidan keyin ham investitsiya kiritishga shoshilmaydilar.

Xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi «maxsus harbiy operatsiya» e’lon qilishi ortidan global fond bozorlarining qulashi (jumladan, Rossiyaning Yandex, Sberbank, Gazprom kabi gigant kompaniyalari qiymati keskin tushib ketganligi), G‘arb kompaniyalarining aksariyati mamlakatda o‘z faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qilib, kapitalini olib chiqib ketayotganligi bunga yorqin misol bo‘lishi mumkin.

Global mebel giganti IKEA Rossiyada o‘z faoliyatini to‘xtatishi oldidan brend do‘konlarida uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Foto: Getty Images

Shuningdek, rossiyalik iqtisodchi Sergey Guriyev ayni paytda Rossiyaga qarshi iqtisod va moliya, madaniyat va sport kabi qator sohalarda joriy qilingan sanksiyalar fonida mamlakatga kapital oqimining pasayishi, G‘arb investorlari tomonidan Rossiyaga investitsiya kiritish riskining yuqori baholanishi mumkinligi yuzasidan o‘z xavotirlarini bildirdi.

Ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmaga zarar yetishi

Vayronkorlik xarakteriga ega bo‘lgan har qanday harbiy xatti-harakatlar ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilma obyektlariga shikast yetkazishi mumkinligi bilan ham mamlakat iqtisodiyoti uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ishlab chiqarish quvvatlari va infratuzilmalariga yetkazilgan zarar mamlakatda takror ishlab chiqarish jarayonlarini sekinlashtirishi, to‘xtatib qo‘yishi yoki uning iqtisodiy salohiyatiga putur yetkazishi mumkin. Ijtimoiy infratuzilmaning shikastlanishi esa aholining normal hayot tarziga qaytish jarayonini kechiktiradi, umumiy farovonlik darajasini pasaytiradi.

Yuqorida tilga olingan «singan oyna illyuziyasi»da keltirilgani singari, yetkazilgan zararni qoplash uchun hukumatdan katta miqdordagi xarajatlar talab qilinadi va mazkur qayta tiklash jarayonida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot sekinlashadi. Ayniqsa ijtimoiy infratuzilma obyektlari, jumladan, shifoxonalar, maktablar, bog‘chalar, madaniy obyektlar va boshqa jamoat joylarini qayta tiklash ishlari asosan davlat budjeti hisobiga qoplanishiga to‘g‘ri keladi. Sababi esa oddiy — mazkur obyektlar ijtimoiy xarakterga ega bo‘lganligi sabab bunda xususiy kapitalni jalb qilish biroz imkonsiz.

1945 yilda Ikkinchi jahon urushi yakuniga yetishi arafasida AQSh ilk bor yadro qurolini ishga soldi — avgust oyida Yaponiyaning Hirosima va Nagasaki shaharlariga tashlangan bomba misli ko‘rilmagan talofatlarga sabab bo‘ldi. Xususan, aholi turar joylari, yo‘llar, ko‘priklar, noturar joy binolari, telekommunikatsiya obyektlari va xususiy mulklarga jiddiy shikast yetgan. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, umumiy yo‘qotishlar 884 mln yapon iyenasiga (1945 yil bahosida) baholangan — bu taxminan 850 ming nafar o‘rtacha yaponiyalikning yillik daromadi yig‘indisiga teng demakdir.

Xirosima, 1945 yil kuzi. Manba: atomicarchive.com

Urushlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kuchli zarba bo‘lishi mumkin. Xususan, tadqiqotlarga ko‘ra, Suriya va Iroqda Islom davlati ishtirokidagi ziddiyatlar va qurolli to‘qnashuvlar sabab aholining o‘z turar joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishi hamda ayrim hududlarning kuch bilan egallanishi natijasida ekin maydonlari qarovsiz qolib, bo‘sh yalangliklarga aylangan, unumdorlik va hosildorlik pasaygan, urug‘, o‘g‘it va boshqa resurslarni sotib olish imkoniyatining yo‘qligi sabab fermerlar 2015 yilgi mavsumda hech qanday ekin ekmaganlar.

Shuningdek, 1979 yilda Sovet ittifoqining Afg‘oniston hududiga bostirib kirishi malakatda g‘alla maydonlarining ikki barobarga qisqarishiga va hosildorlikning keskin pasayishiga olib kelgan, ekin maydonlari, irrigatsiya inshootlari, chorva mollari bombardimon qilingan. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan o‘zini o‘zi ta’minlash salohiyatiga ega bo‘lgan mamlakat importga qaram mamlakatga aylangan.

Shuni alohida qayd etish joizki, keltirilgan misollar asosan jismoniy kapitalning yo‘qotilishi bilan bog‘liq bo‘lib, inson kapitali yuz tutgan yo‘qotishlarni miqdoran o‘lchash imkonsiz.

Vaholanki, inson kapitali kishilarning iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shadigan to‘liq aqliy va jismoniy layoqati, aqlan va jismonan salomatligi, yillar davomida jamg‘arilgan bilim, malaka va tajribalarining majmui sifatida ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning asosini tashkil etadi.

Urush sharoitida ta’lim muassalari yopilishi natijasida yosh avlod ta’limdan vaqtinchalik cheklanadi, ayrim hollarda esa ta’limga qaytish imkoniyatini ham yo‘qotadi. Hukumat aholini o‘z vaqtida, sifatli tibbiy xizmat bilan ta’minlashda qiyinchiliklarga duch keladi. Mehnatga layoqatli aholi, shu jumladan yuqori malakali kadrlarning harbiy harakatlarga jalb qilinishi ular tomonidan iqtisodiyotga keltirilishi mumkin bo‘lgan foydaning yo‘qotilishi evaziga muqobil xarajatlar yaratadi. Urush qatnashchilarining bir qismi turli darajada jarohatlanib, mehnat qobiliyatini qisman yoki butunlay yo‘qotganligi sabab budjetdan ajratiladigan transfertlar yoki urushda halok bo‘lganlarning oilalariga moddiy yordamlar (yoki kompensatsiyalar) budjet xarajatlarining yanada o‘sishiga xizmat qiladi.

Qolaversa, insoniyat boshdan kechirgan urushlarda halok bo‘lgan millionlab kishilar orasida ilm-fan ravnaqi, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni butunlay boshqa o‘zanga burib yuborishga qodir iqtidorlar bo‘lishi mumkin edi, degan farazni hech kim inkor etmasa kerak.

Aholi jon boshiga YAIMning qisqarishi

Yuqorida ta’kidlanganidek, urush vaqtida iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy farovonlik uchun xizmat qilishi mumkin bo‘lgan resurslar — inson omili va boshqa moddiy resurslar vayronagarchiliklar, aniqroq aytganda, «bo‘lg‘usi xarajatlar»ni yaratish uchun safarbar qilinadi. Buning oqibatida insoniy yo‘qotishlar bilan bir qatorda, mamlakat (lar)ning iqtisodiy salohiyatiga putur yetadi. Jismoniy va inson kapitalining yo‘qotilishi, ishlab chiqarish va infratuzilmaning zararlanishi muqarrar iqtisodiy turg‘unlikka yetaklaydi.

Vetnam urushi. Foto: free-images.com

AQSh olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, urushlarning magnitudasi — talofat ko‘lamiga mos ravishda aholi jon boshiga YAIMga ta’sir kuchi ortib boradi. Xususan, eng yuroqi magnitudada kechgan urushlar (masalan, AQSh-Vetnam urushi, 1964−1973 yillar) aholi jon boshiga YAIMning 16−24% gacha qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, davlat to‘ntarishlari ham mazkur makroiqtisodiy ko‘rsatkichning 8−9% ga pasayishiga olib kelishi mumkin.

Demografik muvozanatning buzilishi

Urushlar jamiyatda demografik muvozanatning buzilishiga olib keladi: nikoh, tug‘ilish va o‘lim holatlari dinamikasi hamda uy xo‘jaliklarining tarkibiy tuzilishi o‘zgaradi, bevalik va yolg‘iz ona qaramog‘idagi oilalar soni ortadi, jamiyatdagi o‘rni nuqtai nazaridan ayollarga yuklama va bosim kuchayishi mumkin. Qayd etish joizki, yolg‘iz ona qaramog‘idagi oilalarning qashshoqlikda kun kechirish ehtimoli yuqori.

Birinchi jahon urushi paytida ayollarni o‘q-dori zavodlarida ishlashga da’vat etish maqsadida ishlangan posterlardan biri: «Ularning hayoti unga (ayolga) bog‘liq». Manba: BBC

Tarixdan ma’lum — harbiy chaqiriq yoshidagi yigitlar va ayni mehnatga layoqatli yoshdagi erkaklarning harbiy harakatlarga, aniqroq aytganda, urushga jalb qilinishi «yo‘qotilgan avlodlar» hikoyalariga sabab bo‘lgan.

Xususan, Birinchi jahon urushida ishtirok etgan qariyb 74 million erkakdan 10 million nafari yoki 14% qismi halok bo‘lgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, 20−30 yosh oralig‘idagi yigitlarning urushda omon qolish ehtimoli eng kichik bo‘lgan.

Nyu-Vestminster, Kanada, 1940 yil. Manba: The Guardian

Xususiy holda olinsa, 1914 yilgacha — urushgacha bo‘lgan davrda 1894 yilda tug‘ilganlarning (o‘sha vaqtda 20 yoshda) 72 foizi infeksion kasalliklardan omon qolgan bo‘lsa, 1918 yilga kelib, urush tugagan paytda bu avloddan bor-yo‘g‘i 48% qismi hayot edi. Boshqacha aytganda, faqatgina 1894 yilda tug‘ilgan yigitlarning har beshtadan bittasi Birinchi jahon urushida halok bo‘lganligi aytiladi.

Urushni moliyalashtirish va davlat qarzining o‘sishi

Yuqorida keltirilganidek, urushlar — yirik moliyalashtirish manbalarini talab qiladi. Urushni moliyalashtirish katta miqdordagi muqobil xarajatlarga sabab bo‘lishi bilan bir qatorda, davlat qarzlarining yuqori sur’atlarda o‘sishiga olib keladi. Mazkur qarzlarni so‘ndirish urushdan keyingi qayta qurish sabab uzoq vaqtga cho‘zilishi mumkin.

Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga ko‘ra, Birinchi jahon urushi boshlanishidan avval jahon qarzi o‘z tarixidagi eng kichik ko‘rsatkich — YAIMga nisbatan 23% ni tashkil etgan, biroq urush boshlangach, shiddat bilan o‘sa boshlagan. Urushdan keyingi vaqtinchalik qisqarishdan so‘ng jahon qarzi dinamikasi Buyuk depressiya va Ikkinchi jahon urushi ta’sirida keskin o‘zgargan.

1946 yilda, Ikkinchi jahon urushi talofatlarini ko‘plab mamlakatlar qarz mablag‘lari hisobiga bartaraf etganligi natijasida jahon qarzi rekord darajada o‘sib, o‘z tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan — YAIMga nisbatan 150%.

Aholi salomatligi darajasining pasayishi va psixologik travmalar

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, urushlar va harbiy nizolar aholi orasida qandli diabet, depressiya, kichik ehtimol bilan yurak qon-tomir kasalliklariga chalinish xavfini oshiradi; ta’lim va hayotdan qoniqish hissining yetishmasligiga olib keladi; bolalar orasida ochlik, to‘yib ovqatlanmaslik, immunitetning sustligi va otasiz ulg‘ayish holatlarining avj olishiga sabab bo‘ladi.

Afg‘noiston. Foto: Jahon banki.

Urush — uzoq yillik psixologik travmalarni keltirib chiqaradi. Bu borada biz — (hayriyatki) urush ko‘rmagan avlod sifatida faqat tarixiy faktlar va urush davri yoritilgan badiiy adabiyotlarga murojaat qilishimiz mumkin. Biroq bularning hech biri urushning dahshatini bor bo‘y-basti bilan ochib bera olishiga ishonchim komil emas.

Zamonaviy dunyo

Bugungi dunyo 70 yil avvalgisidan keskin farq qiladi. Resurslarning notekis taqsimoti, ishlab chiqarishdagi nisbiy ustunlik hamda global tus olgan muammolar sharoitida dunyo hamjamiyatining har bir a’zosi boshqalari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlashdan manfaatdor. Globallashuv hamda davlatlar va mintaqalararo chuqur integratsiyaning mavjudligi ulardagi iqtisodiy taraqqiyotni o‘zaro chamcharchas bog‘liq qilib qo‘yadi. Shu nuqtai nazardan, keng ko‘lamli harbiy mojarolar va urushlarning iqtisodiy ta’siri global miqyosda sezilishi ehtimoldan holi emas. Qolaversa, bugungi globallashuv darajasi va aynan chuqur intergatsiya keng ko‘lamli harbiy urushlarning talofatlari ham o‘tmishdagiga nisbatan bir necha barobar kuchli, iqtisodiy yo‘qotishlari misli ko‘rilmagan darajada katta bo‘lishidan dalolat beradi.

What goes around comes around («Nima eksang, shuni o‘rasan») shiori ostidagi posterlar kampaniyasi. 2009 yilda Big Ant International tomonidan Iroqdagi urushni tugatish uchun tashviqot maqsadida yaratilgan. Ustunlarni o‘rash uchun mo‘ljallangan posterlarda har qanday quroldan sochilgan o‘q oxir-oqibat qurol egasiga qaytishi aks ettirilgan. Manba: posterposter.org

Masalan, bugungi Rossiya-Ukraina mojarolari ortidan nafaqat bu ikki davlat, balki ular bilan har qanday aloqa va hamkorlikka ega boshqa davlatlar ham turli darajada yo‘qotishlarni boshdan kechirishlari mumkin. Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasidagi ayni paytdagi ziddiyatlar Yevropa Ittifoqi uchun gaz importi geografiyasini kengaytirish masalasini kun tartibiga chiqarib qo‘yadi. Yoki Rossiya va Ukraina bozorlarini tark etgan katta-kichik biznes vakillari kutilgan va kutilmagan yo‘qotishlarni kompensatsiya qilish maqsadida o‘zlari uchun yangi bozorlarni kashf qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Guvohi bo‘lganimizdek, har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlarning ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlari insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar, hatto bir necha o‘n yillar ortda qolishiga olib keladi. Urushda odamlar halok bo‘ladi, xalq kambag‘allashadi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash tanazzulga yuz tutadi, butun boshli avlodlar, umrlar boy beriladi.

Shunday ekan, zamonaviy dunyo o‘tmishdagi urushlar talofatlarini takrorlamasligi va duch kelingan yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Eng avvalo, insonparvarlik nuqtai nazaridan, shuningdek, bugungi globallashuv va chuqur integratsiya sharoitida davlatlar o‘rtasidagi har qanday ziddiyatlar (yoki davlatlar ichidagi ichki nizolar) xalqaro (yoki mahalliy) huquq normalariga muvofiq, diplomatik yo‘l bilan hal etilishi, dunyo xalqlari har qanday sharoitda bir-biriga qarshi qurol ko‘tarishdan tiyilishi maqsadga muvofiq.

Muqaddamxon Saidrasulova — iqtisodchi, O‘zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti.