RF hukumati Rossiyaga nisbatan nodo‘stona xatti-harakatlar sodir etgan davlatlar va hududlar ro‘yxatini tasdiqladi, deya xabar qildi RIA Novosti.

Ushbu ro‘yxatdan quyidagi mamlakatlar o‘rin olgan: Avstraliya, Buyuk Britaniya, YeI davlatlari, Islandiya, Kanada, Lixtenshteyn, Monako, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Koreya, San-Marino, Singapur, AQSh, Tayvan, Ukraina, Chernogoriya, Shveysariya, Yaponiya.

Nodo‘st davlatlardan bo‘lgan xorijiy kreditorlar oldida valyuta qarzdorligiga ega Rossiya kompaniyalari ularga qarzlarni MB kursi bo‘yicha rublda to‘lashlari mumkin, deyiladi xabar

Shuningdek, nodo‘st davlatlar fuqarolari va kompaniyalari bilan bog‘liq barcha shartnoma va operatsiyalar investitsiyalar ustidan nazorat bo‘yicha hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi lozim.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 mart kuni Rossiya, uning fuqarolari va kompaniyalariga qarshi nodo‘stona xatti-harakatlarni sodir etgan davlatlardan bo‘lgan kreditorlar oldidagi qarzlarni to‘lashning vaqtinchalik tartiblarini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Unda hukumatga 2 kun ichida ana shunday davlatlar ro‘yxatini tuzish topshirilgan.