1 mart kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor Elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi, deya xabar berdi hokimlik matbuot xizmati.


Foto: Toshkent shahar matbuot xizmati

Olgan Bekar Toshkent shahar hokimiga qabul uchun minnatdorlik bildirib, o‘zbek-turk munosabatlari jadal rivojlanayotganini ta’kidladi.

Ma’lumotda ta’kidlanishicha, mart oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan II strategik hamkorlik bo‘yicha sammit doirasida Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on O‘zbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, taraflar Turk maktabini kengaytirish uchun yer maydonini ajratish, Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomini Toshkent ko‘chalaridan biriga berish va Toshkentda qurilish bilan shug‘ullanayotgan turk kompaniyalarining masalalarini muhokama etdi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev ushbu masalalarning yechimida imkon qadar ko‘mak berishga tayyorligini bildirgan. «Olgan Bekar ham, o‘z navbatida, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishni va’da berdi», — deyiladi ma’lumotda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi avval ham bo‘lgan. Mirobod va Yunusobod tumanlarida joylashgan Mustafo Kamol Otaturk ko‘chasi 2011 yilda Zarafshonga — ko‘chadagi tutash hududda joylashgan savdo-ko‘ngilochar majmuasi nomi bilan o‘zgartilgandi.