Ushbu hafta davomida O‘zbekiston bo‘ylab beqaror ob-havo kutilmoqda, deya xabar berdi O‘zgidromet.

7 mart kunduz kuni O‘zbekistonda havo o‘zgarib turadi, respublika hududlarida kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati +13…+18 darajani tashkil etadi.

Keyinchalik, ish haftasining oxirigacha, Eron va Kaspiy dengizi hududlaridan bir qator nam havo massalari kirib kelishi hisobiga respublika hududlari bo‘yicha beqaror ob-havo saqlanib turadi.

Faqat 10 martda respublika hududlarining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, haftaning qolgan kunlarida barcha viloyatlar bo‘ylab turli jadallikdagi yomg‘irlar tanaffus bilan yog‘adi. Qoraqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir kamroq va oradagi tanaffus uzoq bo‘ladi.

10−11 martda ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Haftaning birinchi yarmida havo harorati +11…+16 daraja iliq atrofida bo‘lib, ikkinchi yarmida esa +18…+21 darajagacha gacha ko‘tariladi.

Shuningdek, 12−13 mart dam olish kunlarida ham yomg‘irli ob-havoning beqarorligi saqlanib turishi aytilmoqda.

Respublikaning tog‘li hududlarida yog‘ingarchilik yomg‘ir va qor ko‘rinishida yog‘ishi hamda qor ko‘chkisi xavfini yaratishi mumkin.