5 nafar o‘zbekistonlik yuk tashuvchi Ukraina-Rossiya chegarasida qolib ketdi

O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Ukrainaning Sumi, Xarkov viloyatlari hamda «Nexoteyevka» neytral hududida bo‘lgan 12 nafar yuk tashuvchini Rossiyaga kirishida yordam ko‘rsatdi. Yana 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi 4 ta yuk mashinasida Ukraina chegarasi chizig‘idan uzoqroq masofada qolib ketdi.

Ukrainadan evakuatsiya qilingan o‘zbekistonliklar soni 4359 nafarga yetdi

6−7 mart kunlari Polshaning Katovitse aeroportidan yana 674 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi. Polsha hududida O‘zbekistonning 350 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. 7 mart kuni yana bitta reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida aviaqatnovlar to‘xtatilmaydi — Uzbekistan Airways

Uzbekistan Airways O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida aviaqatnovlar to‘xtatilmasligi va jadvalga muvofiq uzilishlarsiz amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Poytaxt ko‘chalaridan biriga Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi mumkin

Toshkent ko‘chalaridan biriga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi berilishi kutilmoqda. Mazkur nom ostidagi ko‘cha avval ham bo‘lgan, u 2011 yilda Zarafshon ko‘chasi etib o‘zgartirilgandi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Muxtor Muhitdinov lavozimidan ozod qilindi

2020 yildan beri Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Muxtor Muhitdinov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan lavozimidan ozod etildi. Hokimlikning «Gazeta.uz» ga aniqlik kiritishicha berishicha, u mahalla vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Ilk hokim yordamchisi tuman hokimi bo‘ldi

«Madeli» ovul fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi lavozimida faoliyat yuritgan Baxtiyar Menglibekov Mo‘ynoq tumaniga hokim bo‘ldi.

Sherzod Ismailov Xorazm viloyati hokimiga o‘rinbosar etib tayinlandi

O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasida maslahatchi lavozimida ishlagan Sherzod Ismailov Xorazm viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi.

O‘zbekistonda «Olima ayollar jamiyati» tashkil etiladi

Prezident dushanba kuni Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzurida «Olima ayollar jamiyati» tuzilishi va unga har yili 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini ma’lum qildi. «Ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy yangilik yaratish — bu igna bilan quduq qazishga barobar», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Barcha talaba qizlarga 7 yil muddatga foizsiz ta’lim krediti beriladi

Shavkat Mirziyoyev 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Xotin-qizlar ta’limini qo‘llab-quvvatlash milliy dasturi qabul qilinganini aytdi. Unga ko‘ra, xotin-qizlar uchun alohida universitet va joylarda uning texnikumlari tashkil etiladi. Qolaversa, endi barcha talaba qizlarga ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun 7 yil muddatga foizsiz kredit beriladi.

2022 yilda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 21% ga qisqarishi kutilmoqda — Jahon banki

Jahon bankining yangilangan prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25% ga qisqarishi kutilmoqda. Mazkur tendensiya Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar sabab Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi va rubl kursining keskin qulashi bilan izohlangan. O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21% ga qisqarishi kutilmoqda.

«Olmaliq KMK»dan 117,5 mln so‘mlik qimmatbaho metallarni o‘g‘rilashga uringan shaxslar ushlandi

DXX fuqaro «Olmaliq KMK» ishchilari bilan kelishib, kiyim almashtirish xonasiga tarkibida 117,5 mln so‘mlik qimmatbaho metallar bo‘lgan 4,4 kg sanoat qumlarini yashirib qo‘yganini aniqladi. Gumondorning o‘zi kombinatning qo‘riqlash xizmatiga ishga kirish uchun suhbatga kelgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Sirdaryolik mahkum koloniyada turib 31 kishi bilan Suriyaga ketishni rejalashtirganlikda gumonlanmoqda

Gulistondagi koloniyada jazo o‘tayotgan fuqaro turli viloyatlardagi koloniyalarda jazo o‘tayotgan 20 nafar mahkum va 11 nafar ozodlikdagi kishi bilan Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirganlikda gumonlanmoqda.

O‘tkirbek To‘raboyev dzyudo bo‘yicha Yevropa ochiq chempionatida g‘alaba qozondi

Pragada o‘tgan dzyudo bo‘yicha Yevropa ochiq chempionatida eng og‘ir vazn toifasida 19 yoshli O‘tkirbek To‘raboyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Rahimjon Subhonov (-66 kg) bronza medaliga ega chiqdi.

Hafta davomida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda

O‘zbekistonga Eron va Kaspiy dengizi hududlaridan bir qator nam havo massalari kirib kelishi hisobiga mamlakatda beqaror ob-havo saqlanib turadi. 10 mart sanasidan tashqari hafta davomida turli jadallikda va tanaffus bilan yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Surxondaryoda Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi

Surxondaryodagi To‘palang daryosi qirg‘og‘idan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi. Tangalarning bet tarafida «Samarqand», «Adliyya» so‘zlari, hijriy 823 va 832 kabi zarb qilingan yillari aks etgan.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Har qanday urush va harbiy-siyosiy ziddiyatlar — og‘ir iqtisodiy oqibatlarga olib keladi

Har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelib, insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar ortda qolishiga sababchi bo‘ladi. Urush natijasida xalq kambag‘allashadi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash tanazzulga yuz tutadi, butun boshli avlodlar, umrlar boy beriladi. Urushning iqtisodiyot va inson kapitaliga salbiy ta’siri haqida — «Gazeta.uz» kolumnisti, iqtisodchi Muqaddamxon Saidrasulova maqolasida.