Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar To‘palang daryosi qirg‘og‘idan ko‘p miqdorda mis tangalar topib oldi, deya xabar berdi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi.

«Olimlar mazkur ashyolar hozirgacha vatanimiz hududidan topilgan Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida zarb ettirilgan pul tangalarining eng katta va yaxshi saqlangan xazinasi ekanligini ta’kidlashmoqda», — deyiladi ma’lumotda.

Ta’kidlanishicha, qadimiy tangalarning bir tomonida olti qirrali yulduz va olti yaproqli gul zarb qilingan bo‘lib, bu hukmdorning buyuk astronom va matematikligi tufayli kiritilgan belgilar hisoblanadi.

Shuningdek, tangalarning reversida, ya’ni bet tarafida «Samarqand», «Adliyya» so‘zlari, hijriy 823 (milodiy 1420 yil), 832 (milodiy 1428 yil) kabi zarb qilingan yillari aks etgan.