Visa va Mastercard to‘lov tizimlari Rossiyada faoliyatini to‘xtatishini e’lon qildi. Bu haqda ushbu to‘lov tizimlarining rasmiy saytida e’lon qilindi.

Visa

Qayd etilishicha, Visa to‘lov tizimi tranzaksiyalarni to‘xtatish uchun mijozlari va hamkorlari bilan ish olib boradi. Ushbu ishlar yakullangach, Rossiya emitentlari tomonidan chiqarilgan Visa kartalari Rossiya tashqarisida ishlamaydi (O‘zbekistonda ham). Shuningdek, Rossiyadan tashqaridagi banklar tomonidan chiqarilgan Visa kartalari ushbu mamlakat hududida ishlamaydi.

«Biz Rossiyaning Ukrainaga asossiz bostirib kirishi va biz guvohi bo‘lgan qabul qilib bo‘lmas voqealardan so‘ng harakat qilishga majburmiz», — dedi Visa Inc kompaniyasi raisi va bosh ijrochi direktori Al Kelli.

Mastercard

Rossiyada chiqarilgan Mastercard kartalari ham boshqa davlatlarda ishlamaydi va Rossiya tashqarisida chiqarilgan har qanday Mastercard kartasi rus banklarida yoki to‘lov terminallarida ishlamaydi.

Shu jumladan, O‘zbekistonda emissiya qilingan Visa va Mastercard kartalari ham Rossiyada ishlamaydi.

«Bir haftadan ko‘proq vaqt davomida dunyo Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi natijasida yuzaga kelgan dahshatli va halokatli voqealarning guvohi bo‘ldi… Bularning barchasini hisobga olgan holda va hozirgi mojaroning misli ko‘rilmagan xarakterini hamda noaniq iqtisodiy muhitni hisobga olib, biz Rossiyadagi tarmoq xizmatlarini to‘xtatishga qaror qildik», — deyiladi kompaniya xabarida.

Rossiya banklari tomonidan chiqarilgan Visa yoki Mastercard kartalari bilan operatsiyalar Rossiyada ishlashda davom etadi, deb tushuntirdi Milliy to‘lov kartalari tizimi vakillari RIA Novosti agentligiga.

Rossiya Markaziy banki Visa va Mastercard kartalari bilan barcha transchegaraviy operatsiyalarni amalga oshirib bo‘lmasligini ma’lum qildi. Bu xorijiy onlayn-do‘konlarda xaridlar uchun ushbu tizim kartalari bilan to‘lovlar qilib bo‘lmasligini va chet elda ushbu kartalardan foydalanib bo‘lmasligini anglatadi. Rossiyaliklarga chet elga sayohat qilishda naqd pul va «Mir» kartasini olish tavsiya etildi. Bugungi kunda ushbu kartalar Turkiya, Vetnam, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Janubiy Osetiya va Abxaziyada qo‘llaniladi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 7 ta bankini SWIFT tizimidan uzib qo‘ygandi.

Visa — raqamli to‘lovlar bo‘yicha jahon yetakchisi bo‘lib, 200 dan ortiq mamlakat va hududlarda iste’molchilar, savdogarlar, moliya institutlari va davlat tuzilmalari o‘rtasida to‘lov tranzaksiyalarini amalga oshiradi.

Mastercard — xalqaro to‘lov tizimi bo‘lib, 210 ta davlatdagi 22 000 ta moliya institutlarini birlashtirgan transmilliy moliyaviy korporatsiya hisoblanadi.