28 fevraldan 5 martga qadar 16 ta aviareys tashkillashtirilib, urush bo‘layotgan Ukrainadan Polsha orqali 3 685 nafar o‘zbekistonliklar evakuatsiya qilindi. Bu haqda TIV rasmiy vakili Yusup Kabuljanov xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 5−6 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 440 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 88 nafar ayollar, 59 nafar voyaga yetgaman shaxs va 20 ta chaqaloq olib kelindi.

6 martda qator reyslar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Polsha hududida 850 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qolayotgani aytildi. Ulardan 50 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, qariyb 800 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.

“O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi vatandoshlar bilan doimiy muloqot olib bormoqda. Diplomatlar Ukrainaning turli nuqtalarida, shu jumladan, jang harakatlari davom etayotgan hududlarda bo‘lib, fuqarolarimizni evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirmoqdalar”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq, Ukrainadan Polsha chegarasiga kiraverishda uch nafar o‘zbekistonlik yo‘l transport hodisasiga uchragani haqida yozgandik. O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanovning ma’lum qilishicha, ulardan biri vafot etgan, qolgan ikki nafari esa Lvovdagi shahar kasalxonasiga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xarkov, Sumi va Xersondagi o‘zbekistonliklar harbiy harakatlar to‘liq tugagach evakuatsiya qilinishi aytilgandi.