BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi «Nemolchi.Uz» (Sukut saqlama) zo‘ravonlikka qarshi loyihasi ko‘magida Toshkentda «Umidani chaqiring» pilot tashabbusini boshladi. U ko‘cha ta’qibiga uchragan yoki jinsiy zo‘ravonlikning boshqa shakllariga duchor bo‘lgan qizlar va ayollarni xavfsiz joy bilan ta’minlashga tayyor bo‘lgan xususiy sektor vakillarini birlashtirdi.

«Umidani chaqiring» loyihasi 2016 yilda Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan «Ask For Angela» («Anjelani chaqiring) ijtimoiy tashabbusining moslashuvidir. U jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurash xizmati xodimi Xeyli Child tomonidan o‘z uyida eri tomonidan o‘ldirilgan 34 yoshli do‘sti Anjela xotirasiga bag‘ishlab yaratilgan va ishga tushirilgan. O‘shanda mahalliy barlarning hojatxonalariga ayollar uchun xabar yozilgan varaqalar joylashtirilgandi: agar biror kishi sizni uchrashuv vaqtida bezovta qilsa, barmenga boring va «Anjelani chaqiring». Bu ibora — yordam so‘rash usulidir. Uni eshitib, barmen protokolga muvofiq harakat qiladi: u ayolni xavfsiz xonaga olib borishi, favqulodda chiqish joyiga kuzatib borishi yoki zarur holatda politsiyani chaqirishi mumkin.

Germaniyada shunga o‘xshash Ist Luisa hier? («Luiza shu yerdami?») loyihasi 2016 yilda ishga tushirilgan. 2020 yilda Rossiyada — «Galyani chaqiring», 2021 yil bahorida esa Qirg‘izistonda — «Kantayni chaqiring!» deb nomlangan moslashtirilgan tashabbus paydo bo‘ldi.

Loyiha ayollarni ko‘chalarda o‘zi istamagan e’tibordan himoya qilishga tayyor bo‘lgan jamoat joylari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularning farqlovchi belgisi muassasa eshiklaridagi maxsus stikerdir.

Loyihaning barcha versiyalarida harakatlar algoritmi bir xil: ta’qibga uchragan har bir qiz yoki ayol yordam so‘rash va uni olish uchun kod iborasidan foydalanishi mumkin.

Foto: BMTTD.

Toshkentda «Umidani chaqiring» ixtiyoriy tajriba tashabbusining boshlanishi Korzinka.uz supermarketlar tarmoqlari, Asklepiy Group dorixonalari, Caravan Group, YaponaMama, Testo by Zamira & Co., Steam Bar, Turka Saray kafe va restoranlari, GroundZero kovorking markazi, CyberArena kompyuter klubi va TEAMS University tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

IT-park ko‘magida xavfsiz joylar xaritasi bilan CallUmida.uz rasmiy sayti ishlab chiqildi. Bu yerda manfaatdor kompaniyalar tashkilotchilarga xabar yuborish orqali ijtimoiy tashabbus hamkorlariga qo‘shilishlari ham mumkin.

Dasturchi Abror Jabborov o‘z tashabbusi bilan Telegramda @CallUmida_bot botini yaratdi, bu tazyiqlardan eng yaqin vaqtinchalik boshpana topishga yordam beradi.


Matilda Dimovska. Foto: BMTTD matbuot xizmati.

«Biz boshlagan tashabbus muhim, chunki bu korporativ sektorning ixtiyoriy majburiyati bo‘lib, ular fuqarolik, ijtimoiy mas’uliyat va hamdardlikning bir qismi sifatida ko‘cha ta’qibidan qochayotgan qizlar va ayollar uchun xavfsiz joylar tarmog‘ini yaratishga hissa qo‘shish uchun o‘z resurslarini baham ko‘rishga tayyor», — deydi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

«Umidani chaqiring» ijtimoiy loyihasi qizlar va ayollarni gender asosidagi zo‘ravonlikdan himoya qilishning umumiy tizimidagi yordamchi mexanizmdir. Uning asosiy maqsadi — jamiyatda ko‘cha tazyiqlariga nisbatan murosasizlik muhitini yaratishdir. Tashkilotchilar «Umida» yordamida ayollar uchun qulay va xavfsiz shahar muhiti yaratilishiga umid bildirmoqda.

Tashabbus huquqiy, psixologik yoki moddiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutmaydi. Qizlar va ayollar o‘z ta’qibchilaridan yashirinib, vaqtinchalik boshpanada o‘ziga kelib olishi mumkin. Loyiha bo‘yicha hamkor tashkilotlar xodimlari tazyiq ostida qolganlarga qarindoshlari, do‘stlari bilan bog‘lanishda yoki zarur holatda huquqni muhofaza qilish organlariga qo‘ng‘iroq qilishda yordam ko‘rsatadi.

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov «Umidani chaqiring» tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini, chunki u ko‘chada bunday bezorilik muammosi borligini o‘zi ham bilishini aytdi. Faoliyat davomida bir necha bor qizlar va ayollar yordam uchun supermarketlarga kirishgan.


Zafar Hoshimov. Foto: BMTTD matbuot xizmati.

Bir necha yillardan beri kompaniyada bunday hollarda qanday harakat qilish kerakligini bildiradigan ichki protokol mavjud.

«Biror kishi bizga kelib, xavf ostida ekanligi haqida xabar berishi bilan darhol uni xizmat xonalariga kuzatib boramiz. Kerak bo‘lsa, huquq-tartibot idoralari xodimlarini chaqiramiz», — dedi Zafar Hoshimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘rovga javob bir zumda bo‘lishi uchun barcha xodimlar ichki protokol bilan tanishtirilgan. Ko‘p holatlarda yordam so‘rab qo‘riqchilarga murojaat qilishadi.

«Ba’zida qizlar vaziyatni erkaklarga tushuntirishni istashmaydi. Menimcha, bu jamiyatda shakllangan stereotiplar bilan bog‘liq. Ular uchun qizlarga murojaat qilish osonroq. Ehtimol, bu holatda ular o‘zlarini ko‘proq tushunishlariga umid qilishar», — deydi Zafar Hoshimov.

«Nemolchi.Uz» (Sukut saqlama) zo‘ravonlikka qarshi loyihasi asoschisi Irina Matviyenkoning ta’kidlashicha, tadbirkorlik subyektlarining bunday tashabbuslarga jalb etilishi ko‘chadagi bezorilik muammosi yaqqol ko‘zga tashlanishida va qizlarga hech bo‘lmaganda himoyalanish imkoniyati borligini ko‘rsatishda qo‘l keladi.

Irina Matviyenko. Foto: BMTTD matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kamida haftasiga bir marta «Nemolchi.Uz»ga shahar ko‘chalarida, taksilarda, hatto maktablarda ham bezorilik bilan bog‘liq yangi xabarlar keladi. Ular loyiha resurslari, tarmoqlardagi sahifalarida nashr etilgandan so‘ng, ko‘ngillilar yana yetti-sakkizta shunga o‘xshash hikoyalarni olishadi.

«Odamlarga hushtakbozlik, tegajog‘lik qilish, gap otish — bu normal holat emasligini tushuntirish kerak. Bunday xatti-harakatlarni omma oldida qoralash, ko‘chada yurganimizda huddi shunday holatlarga e’tiborni jalb qilishimiz kerak. Hozir odam toksik erkaklikning namoyon bo‘lishidan uyalishmaydi, biroq, jamiyatning jamoaviy mas’uliyati paydo bo‘lganda, fikrlash o‘zgaradi», — dedi Irina Matviyenko.

Uning ta’kidlashicha, ma’muriy javobgarlikning joriy etilishi ko‘cha shilqimligi muammosini hal qilishda oldinga siljishga yordam beradi. Matviyenko Tojikistonni misol qilib keltirdi va bu yerda qizlarga nomaqbul tarzda qaragani uchun erkaklar jabrlanuvchilarning huquq-tartibot idoralariga yozgan arizalari asosida jamoat ishlariga jalb qilinishi ma’lum qilindi. Jazoni qo‘llash jarayoni televideniyeda namoyish etiladi. Irina Matviyenkoga ko‘ra, bunday amaliyot yo‘lga qo‘yilgan Dushanbeda qizlarni ko‘chada ta’qib qilish holatlari keskin kamaygan.

«Asosiysi, qizlar — huquq-tartibot idoralariga murojaat qila boshladilar, chunki ular ko‘cha shilqimligi uchun aniq jazoni ko‘rdilar. Bizning qonunlarimizda esa hanuz qonunbuzarlarga javobgarlikdan qochish imkonini beruvchi — arizadan voz kechish kabi bo‘shliqlar mavjud. Davlat harakatsiz ekan, hech narsa o‘zgarmaydi», — deya qo‘shimcha qildi Irina Matviyenko.