Navoiy viloyati Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, agentlik tomonidan O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 25 apreldagi «Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlarida aholini turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-2925-son] qarori talablarining ijrosi bo‘yicha viloyatning Uchquduq tumanida o‘rganish o‘tkazildi.

Mazkur qarorda olis cho‘l hududida kamida 3 yildan ortiq yashagan shaxslar oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida qabul qilinishi belgilangan.

O‘rganishlar mobaynida esa Uchquduq tuman hokimining sobiq o‘rinbosari va boshqalar cho‘l hududida joylashgan «Yo‘lchilar», «Ko‘kpatas» va «Ko‘kayaz» MFYlarida 3 yil davomida yashamagan 33 nafar shaxsga ularning ushbu muddatda qayd etilgan mahallalarda yashaganligi to‘g‘risida soxta dalolatnomalar rasmiylashtirib berib, shundan 25 nafarini oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida o‘qishga kirishiga sababchi bo‘lganligi aniqlandi.

«Natijada davlat va fuqarolarning huquqlari, qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazilgan. Shuningdek, ushbu talabalarning grant asosida o‘qishi uchun amalda 650 mln so‘m budjet mablag‘larining sarflanishiga sababchi bo‘lib, davlat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan», — deyiladi xabarda.

Agentlik tomonidan mazkur holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar hamda prokuratura idoralari o‘tkazgan qo‘shimcha o‘rganishlar bo‘yicha Bosh prokuraturaci tomonidan Uchquduq tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat rodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.