4 mart kuni tongda Ukrainaning Zaporojye AES (Yevropodagi eng katta AES) o‘qqa tutildi. Natijada atom elektr stansiyasi yonida joylashgan besh qavatli o‘quv binosida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda UNIAN axborot agentligi ma’lum qildi. AESning o‘qqa tutilishini stansiya kameralaridan onlayn tarzda kuzatish mumkin edi.

Tonggi soat 04:00 ga yaqin Zaporojye atom elektr stansiyasi xodimlaridan biri videomurojaat yo‘llab, unda u Rossiya atom elektr stansiyasini o‘qqa tutayotganini aytdi. Keyinchalik Zaporojye AES yonayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Diqqat! Zaporojye AESda Rossiya Federatsiyasining texnikasi o‘q uzmoqda. Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasida haqiqiy yadroviy xavf mavjud. Biz Zaporojye AESidagi og‘ir texnikadan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilamiz!”, — deya ta’kidlagan u.

Energodar hokimi Dmitriy Orlovning ma’lum qilishicha, kecha soat 16:30 atrofida Rossiyaning zirhli texnikalari shaharga bostirib kirgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri AES tomon yo‘l olgan. AES bino va inshootlariga deyarli yaqin joyda o‘t ochish boshlanganini aytilgan. Ushbu quvvat bloki tarmoqqa bir hafta oldin ulangan va bir necha kun oldin rejali ta’mirlash holatiga o‘tkazilgan edi.

Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmatining xabar berishicha, davom etayotgan jang tufayli qutqaruvchilar darhol o‘t o‘chirishni boshlay olmagan. Keyinroq ular yong‘inni o‘chirish ishlarini boshlashga muvaffaq bo‘lishgan. Yong‘inni o‘chirishga 45 kishi va 11 ta texnika jalb qilingan. Ertalab soat 06:00 da (Toshkent vaqti bilan 9:00) 2000 kv. m maydonda yong‘in holati bartaraf etilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q. Ayni paytda oltita quvvat blokidan biri ishlamoqda.

Yong‘in natijasida Zaporoyje AESning asosiy uskunasiga zarar yetmagan. Radiatsiya darajasida o‘zgarishlar kuzatilmadi. Atom elektr stansiyasi hududidagi janglar hozirgi vaqtda to‘xtagan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Zaporojye atom elektr stansiyasiga hujumi tufayli shoshilinch murojaat qilib, Rossiyadan tashqari hech bir davlat atom energetika bloklarini o‘qqa tutmaganini ta’kidladi.

“Yevropa hozir uyg‘onishi kerak: Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi yonmoqda. Ayni damda rus tanklari yadro bloklarini o‘qqa tutmoqda. Bular termal kameralar bilan jihozlangan tanklar. Ya’ni ular qayerga o‘q otishayotganini bilishadi. Ular buning uchun tayyorgarlik ko‘rishgan”, — deya ta’kidladi Zelenskiy.

U Chernobil voqeasini esladi va Rossiya uni takrorlamoqchi va allaqachon takrorlamoqda, deb qo‘shimcha qildi.

“U yerda 6 ta energoblok bor!.. Chernobilda bitta energoblok portlagan!”, — dedi prezident.

Zelenskiy Ukraina hamkorlar bilan allaqachon kelishganini aytdi. “Men allaqachon Charlz Mishel (Yevropa Kengashi rahbari), Shols (Germaniya kansleri) bilan gaplashdim, Duda (Polsha prezidenti) bilan gaplashdim, prezident Bayden (AQSh rahbari) bilan gaplashdim. Biz MAGATE rahbari Grossi bilan, shuningdek, bosh vazir Jonson (Buyuk Britaniya) bilan bog‘landik”, — degan Zelenskiy.

“Rossiya harbiylarini hoziroq to‘xtatish kerak… Ukrainada 15 ta atom bloklari bor: agar portlash bo‘lsa, bu barchaning oxiri, Yevropaning tugashi! Bu Yevropa evakuatsiyasi! Faqatgina Yevropaning tezkor harakatlari Rossiya qo‘shinlarini to‘xtata oladi!” — deydi Vladimir Zelenskiy.

MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainadagi to‘rtta obyektda 15 ta yadro reaktori mavjud bo‘lib, ular mamlakatdagi elektr energiyaning yarmini ishlab chiqaradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiylari Chernobil AES ustidan nazorat o‘rnatgan edi. Ukraina MAGATEga Chernobil AESi taqiqlangan zonadagi barcha obyektlar ustidan tartibga soluvchi nazoratni yo‘qotgani haqida ma’lum qildi.

MAGATE bosh direktori Ukraina atom elektr stansiyasining xavfsizligi yoki xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday harbiy yoki boshqa harakatlardan qochish zarurligini ta’kidladi.

“Harbiy to‘qnashuv tufayli yuzaga kelgan har qanday baxtsiz hodisa Ukrainada ham, uning tashqarisida ham inson salomatligi va atrof-muhit holati uchun juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidladi Mariano Grossi.