Prezident 2 mart kuni «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi [PQ-150-son] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tashkil etildi.

Davlat muassasasi bo‘lgan mazkur harbiy-vatanparvarlik harakati mudofaa vazirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan boshqariladi.

Shunga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalarida boshqarma boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi.

Bundan tashqari, tuman (shahar) mudofaa ishlari bo‘limlarida ham endi bo‘lim boshlig‘ining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari bo‘ladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, maktablarda chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi rahbarligida 10−11-sinf o‘quvchilaridan (tarkibi 20 nafar) iborat «Vatan tayanchi» otryadlari tuziladi. O‘quvchilar unga ixtiyoriy a’zo bo‘ladi.

2022/2023 o‘quv yilidan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosiga Mudofaa vazirligi tomonidan belgilanadigan tanlab olish tartibiga muvofiq OTMga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning «Vatan tayanchi» harakatining faoliyatida faol ishtirok etishi hamda maktabni a’lo baholarga tamomlagani inobatga olinadi.

Tavsiyanomaga egalarga tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladi.

Tavsiyanomalar berilgan sanadan boshlab 3 yil mobaynida amal qiladi.