AQSh Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan rossiyalik siyosatchilar, tadbirkorlar va ularning oila a’zolariga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy qildi, deb xabar bermoqda Oq uy.

Quyidagi oligarxlarga to‘liq bloklaydigan sanksiyalar qo‘llanildi va ularning aktivlari muzlatib qo‘yildi:

  • milliarder Alisher Usmonov (super yaxta, shaxsiy samolyot);
  • Transneft prezidenti Nikolay Tokarev (rafiqasi Galina, qizi Maya va ikkita hashamatli ko‘chmas mulk sotish kompaniyasi);
  • tadbirkorlar Arkadiy Rotenberg (o‘g‘illari Pavel, Igor va qizi Liliya) va Boris Rotenberg (rafiqasi Karina, o‘g‘illari Roman va Boris);
  • «Putinning oshpazi» nomi bilan mashhur Yevgeniy Prigojin (uchta kompaniyasi, rafiqasi Polina, qizi Lyubov va o‘g‘li Pavel);
  • VEB.RF (Davlat taraqqiyot korporatsiyasi) rahbari Igor Shuvalov (beshta kompaniyasi, rafiqasi Olga, o‘g‘li Yevgeniy va uning kompaniyasi, samolyoti, qizi Mariya va uning kompaniyasi);
  • «Rostex» rahbari Sergey Chemezov (rafiqasi Yekaterina, o‘g‘li Stanislav va o‘gay qizi Anastasiya);
  • Dmitriy Peskov, prezident Putinning matbuot kotibi.

«Bu shaxslar va ularning oila a’zolari AQSh moliya tizimidan uziladi, ularning Qo‘shma Shtatlardagi aktivlari va mulklari muzlatiladi», — deyiladi Oq uy bayonotida.

AQSh Alisher Usmonovni Rossiyaning eng boy odamlaridan biri va «Putinning yaqin ittifoqchisi» deb ataydi.

«Uning mol-mulki, jumladan uning ittifoqdoshimiz Germaniya tomonidan musodara qilingan dunyodagi eng yiriklaridan biri bo‘lgan [Dilbar 600 million dollarlik] super yaxtasi va Rossiyadagi eng yirik samolyotlaridan biri bo‘lgan xususiy samolyoti AQShda va amerikalik shaxslar tomonidan foydalanish uchun bloklanadi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, AQSh 19 nafar rossiyalik oligarx va ularning 47 nafar oila a’zolari va yaqinlariga nisbatan viza cheklovlarini joriy qilmoqda.

Shuningdek, «noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatgani» uchun Rossiyaning 7 ta tashkiloti, nashriyotlari va ular bilan bog‘liq shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilgan. Ularning orasida:

  • Strategik madaniyat jamg‘armasi;
  • «Odna Rodina»;
  • «Ritm Yevrazii»;
  • «Kamerton» jurnali;
  • SouthFront;
  • «Inforos» agentligi;
  • «Novoye vostochnoye obozreniye» (New Eastern Outlook);
  • Oriental Review;
  • United World International veb-sayti.

Ma’lumot uchun, Buyuk Britaniya ham Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari tufayli Alisher Usmonov va Rossiya bosh vazirining sobiq o‘rinbosari Igor Shuvalovga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.

Unga ko‘ra, ikki tadbirkorning umumiy aktivlari 19 mlrd dollarni tashkil etadi, sanksiyalar darhol kuchga kiradi.

Xabarda aytilishicha, Alisher Usmonov Angliyaning «Arsenal» va «Everton» futbol klublarida sezilarli manfaatlarga ega. Uning Londonda 48 mln funtlik uyi va Surrey grafligida ko‘chmas mulki bor.

Igor Shuvalovning Buyuk Britaniyadagi aktivlari orasida London markazidagi 11 mln funt sterlingga baholangan ikkita kvartirasi bor.

28 fevral kuni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi, ularda Alisher Usmonovdan tashqari yana 25 kishi bor edi. Dushanba kuni tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi rahbari lavozimini «adolat tiklanmaguncha» to‘xtatib turishga qaror qildi.

Yevropa Ittifoqi ro‘yxatida u Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan Rossiya rasmiylarini qo‘llab-quvvatlagani aytiladi. Tadbirkor o‘z sha’ni va obro‘sini himoya qilishini aytdi.

O‘zbekistonda tadbirkor Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini moliyalashtirmoqda, O‘zbekiston madaniy merosini asrab-avaylash, jumladan, modernistik arxitekturani qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. U bilan bog‘liq bo‘lgan Rossiya kompaniyalari «Kapitalbank» va «Ohangaransement» aksiyalarini sotib olgan.