Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasida o‘tkazgan tekshiruvlarda 1 mlrd 273,5 mln so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, birlashmada mansabdor shaxslar tomonidan budjet mablag‘lari maqsadsiz sarf qilingan. O‘zlashtirish va talon-toroj qilish holatlari, aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘lab kelinishi, tibbiyot texnikalarini sotib olish, pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishdan tushgan mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi aniqlangan.

Xususan, xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun 890,5 mln so‘m hisoblab sarflanganligi natijasida juda ko‘p miqdorda smeta-shtat intizomi buzilgan, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 383 mln so‘mlik budjet mablag‘lari turli xil noqonuniy yo‘llar, jumladan, tibbiy uskunalarni qimmat narxlarda xarid qilish orqali ko‘p miqdordagi budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aytilmoqda.

Shunga muvofiq, Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 184−1-moddasi (budjet va smeta-shtat intizomini buzish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirgi paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.