3 mart kuni Pokiston Bosh vazirining qarorgohida O‘zbekiston prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon faxriy qorovul oldidan o‘tib, shohsupaga ko‘tarildi. O‘zbekiston va Pokistonning davlat madhiyalari yangradi.


Shavkat Mirziyoyev xalqlar do‘stligi, hamjihatligi ramzi sifatida qarorgoh bog‘iga ko‘chat ekdi.


Shundan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri tor doirada muzokara o‘tkazdi.

Imron Xon O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish Pokiston uchun ustuvor ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Pandemiyaga qaramay, barcha sohalardagi aloqalar rivojlanmoqda. Xususan, 2021 yilda o‘zaro savdo aylanmasi qariyb 50 foizga o‘sdi. Joriy yil boshidan yana 70 foiz o‘sish kuzatildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda pokistonlik investorlar tomonidan tashkil etilgan 177 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.


Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatiga molik masalalar yuzasidan fikr almashilar ekan, tomonlarning pozitsiyasi bir xil yoki o‘xshash ekani tasdiqlandi, deyiladi xabarda.

Afg‘onistonda kun sayin murakkablashayotgan gumanitar holat uning yaqin qo‘shnilari sifatida O‘zbekiston va Pokistonda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Ushbu mamlakatga insonparvarlik ko‘magi ko‘rsatishga jahon hamjamiyati e’tiborini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Imron Xon O‘zbekiston prezidenti tuhfa qilgan Urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini katta mamnuniyat bilan qabul qildi. Unda o‘zbek va urdu tillaridagi 3 mingdan ortiq bir xil ma’noli so‘zlar jamlangan, deyiladi xabarda.

Tashrif davomida muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.


«Qadimiy buyuk Ipak yo‘lida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros bog‘lab turadi. Biz bugun bu ko‘hna an’analarni qayta tiklayapmiz. Davlatlararo munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganidan mamnunmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 500 mln dollar, kelgusida esa 1 mlrd dollarga chiqarish imkoniyati borligini ta’kidlab, bu boradagi muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi, deyiladi xabarda.

Avvalo, sanoat sohalarida kooperatsiya dasturini, savdo aylanmasi tarkibini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni birgalikda ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchi muhim yo‘nalish — mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida multimodal transport, yuk va havo tashuvlari bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish. Yaqinda Tranzit va savdo bitimi kuchga kirdi, muntazam yuk tashuvlari uchun asos yaratildi.


«Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘li bizning umumiy kelajagimizdir. Bu yo‘l bitsa, Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘lakni yaratamiz. Bu temir yo‘l mintaqalarimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuboradi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham rivojlanmoqda. Jumladan, Namangan viloyati va Panjob muzofoti ishbilarmonlari ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda. Kelgusida Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi va boshqa hududlarda ham ana shunday samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.


Ziyorat turizmi — yana bir muhim yo‘nalish. Pokistonda naqshbandiya tariqatining millionlab vakillari, ulug‘ allomalarning ixlosmandlari bor. Qadimiy obida va ziyoratgohlar, Zahiriddin Muhammad Bobur va boburiylar merosi ikki xalq uchun ham qadrli. Prezident ziyoratlarni tizimli tashkil etish maqsadida qo‘shma guruh tuzish, ikki mamlakat Turizm vazirliklarining vakolatxonalarini ochishni taklif qildi.

«O‘ylaymanki, bugungi ochiq va sermahsul muloqotlarimiz, imzolanadigan hujjatlar strategik sherikligimizning yangi istiqbolli yo‘nalishlarini ochadi. Eng asosiysi, biz — ikki birodar bir-birimizni yaxshi tushunamiz. Biz qo‘ygan katta marralarga erishish uchun hukumatlarimiz doimiy muloqotda bo‘lishlari zarur» — dedi prezident.

Islomoboddagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.


Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida Strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlar to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.

Shuningdek, hukumatlar va idoralar o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risida, atrof-muhitni asrash, ziyorat turizmi, temir yo‘l sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar, Surxondaryo viloyati bilan Xayber-Paxtunxva provinsiyasi, Toshkent shahri bilan Islomobod shahri o‘rtasida shartnomalar kabi 10 ga yaqin hujjat imzolandi.

Bundan tashqari, tashrif arafasida o‘tgan biznes forumda 800 million dollarlik qo‘shma savdo va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.


Rasmiy tadbirlar yakunida ikki davlat yetakchilari OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi.

Davlat rahbari jurnalistlar bilan muloqotda Pokiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Pokiston kuni bayrami bilan yana bir bor tabrikladi. Ushbu tashrif katta tarixiy voqea — mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini alohida ta’kidladi.


«Biz Pokiston bilan birgalikda nafaqat ikki mamlakat, balki strategik jihatdan muhim bo‘lgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik ko‘prigini bunyod etayapmiz», ‑ dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mamlakatlarda amalga oshirilayotgan «Yangi O‘zbekiston» va «Naya Pokiston» dasturlarining mushtarak ekani ham ikki mamlakatning qarash va intilishlari bir-biriga uyg‘unligini tasdiqlamoqda, deyiladi xabarda.

Tashrif doirasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolangani muhim qadam bo‘ldi.


Farmatsevtika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, bank-moliya va boshqa asosiy yo‘nalishlarda kooperatsiyani kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Tashrif arafasida o‘tkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.

Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik qo‘shma transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldi.

Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga chiquvchi «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» strategik temir yo‘lini qurish ishlarini yaqin muddatlarda boshlash muhimligi alohida ta’kidlandi.


«Asr loyihasi» deb atalayotgan «Termiz — Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li nafaqat mamlakatlarimiz, balki keng mintaqalarimiz xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qo‘shadi, deb ishonamiz", — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Hududlararo hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Bu borada Namangan viloyati va Panjob provinsiyasi muvaffaqiyatli namuna ko‘rsatmoqda. Boshqa hududlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar chog‘ida mintaqa kun tartibi va Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan samarali fikr almashildi. Ushbu mamlakatda murakkablashayotgan gumanitar holat jiddiy tashvish va xavotir uyg‘otayotgani qayd etildi.

Davlat rahbari xalqaro hamjamiyatni afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida xavfsizlik, harbiy-texnik sohalarida, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqa.


«Qadimiy Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, o‘xshash til va boy ma’naviy meros chambarchas bog‘lab turadi», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Ikki mamlakat fan, san’at, kino, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish tarafdori.

O‘zbekistonda yil sayin urdu tilini o‘rganishga qiziqish ortib borayotgani ta’kidlandi. Pokistonda ham Islomobod zamonaviy tillar universiteti, Panjob va Peshovar universitetlari kabi oliy ta’lim muassasalari negizida o‘zbek tili va adabiyoti, O‘zbekiston tarixini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.

«Tashrif davomida salmoqli hujjatlar to‘plamini, jumladan, Strategik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha kelgusi qadamlar to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzoladik. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha bo‘lajak sa’y-harakatlarimiz belgilab olingan. Ma’naviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalarimiz kelgusida ham xalqlarimizning orzu-intilishlariga va biz tuzayotgan katta-katta rejalarga mos ravishda yangi marralarga ko‘tariladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.