Yadro qurollaridan jangovar maqsadda birinchi marotaba 1945 yil 6 avgustda foydalanildi: Amerikaning harbiy havo kuchlari Yaponiyaning Xirosima shahriga Little Boy (“Bolakay”) nomini olgan atom bombasini tashladi. Yadro quroli zarbasi natijasida 200 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, bedarak yo‘qoldi, nurlanish oqibatida vafot etdi. Portlash epimarkazining 4 km radiusida bo‘lgan hududda bir necha soatlab yong‘in davom etdi. 90 mingta uydan 62 mingtasi to‘liq vayron bo‘ldi. 9 avgust kuni AQSh qo‘shinlari Nagasakiga ham atom bombasini tashladi.

O‘tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin mudofaa vaziri Sergey Shoygu va bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimovga tiyib turish kuchlarini harbiy navbatchilik rejimi holatiga keltirishga buyruq berdi. Tiyib turish kuchlari yadro qurollarini ham o‘z ichiga oladi.

“Gazeta.uz” yadro qurollari mavjud bo‘lgan davlatlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi. SIPRI eslatmasiga ko‘ra, barcha ma’lumotlar taxminiy hisoblanadi.

Yadro qurollari bor davlatlar

Amerika olimlari federatsiyasi (FAS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil boshida dunyoning 9 ta mamlakatida jami 12 700 atrofida yadro kallaklari mavjud bo‘lgan. Ularning deyarli 90 foizi Rossiya va AQShga tegishli bo‘lib, har bir mamlakat armiyasi 4 ming atrofida yadro kallaklariga ega. Boshqa davlatlarda yadro qurollari arsenali mingta kallakkacha ham bormaydi.

FAS ta’kidlashicha, AQSh o‘zining yadro qurollarini kamaytirib bormoqda. Fransiya va Isroilda yadro kallaklari soni stabil saqlanib turgan bo‘lsa, Xitoy, Hindiston, Shimoliy Koreya, Pokiston, Buyuk Britaniya va Rossiya yadro salohiyatini oshirib borayotgani taxmin qilinadi.

12 700 yadro kallagidan 9400 dan ortig‘i raketalar, havo kuchlari, kemalar va suvosti kemalariga o‘rnatilgan. Qolgan kallaklar “iste'foga chiqarilgan” va demontaj qilinishini kutmoqda. 2000 ga yaqin AQSh, Rossiya, Britaniya va Fransiya yadro kallaklari shay holatda bo‘lib, qisqa vaqt ichida harakatga keltirilishi mumkin.


AQSh

2022 yil 2 mart holatiga ko‘ra, AQShning yadro qurollari salohiyati 5428 ta jangovar kallakdan iborat. Shundan, raketalarga o‘rnatilgan jangovar kallaklar soni 1 744 tani, zaxiradagi kallaklar soni 1964 tani tashkil etadi. 1720 ta kallak esa demontaj qilinishini kutmoqda.

Yadro qurolini yo‘q qilish bo‘yicha xalqaro kampaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, Belgiya (10−15 ta), Germaniya (10−15 ta), Italiya (40 ta), Niderlandiya (20 ta) va Turkiya (50 ta) davlatlarida AQShning yadro qurollari joylashtirilgan.

Rossiya

2 mart holatiga Rossiyada 5977 ta yadro kallagi mavjud. Shundan 1588 tasi shay holatdagi jangovar kallaklar bo‘lsa, 2889 tasi zaxirada. 1500 ta jangovar kallak demontaj qilinishini kutmoqda.

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniyada mart boshida 225 (2020 yil 215 ta) ta yadro kallagi bo‘lib, shulardan 120 tasi shay holatda turgan, qolgan 105 tasi esa demontaj qilinishini kutayotgan yoki zaxiradagi jangovar kallaklar hisoblanadi.

Fransiya

Bu davlatda 2022 yil mart holatiga jami 290 ta yadro kallagi bo‘lgan. Shundan 280 tasi shay holatdagi, 10 tasi esa demontaj qilinishini kutayotgan yoki zaxiradagi jangovar kallaklar hisoblanadi.

Xitoy

XXRda, mart holatiga ko‘ra, mamlakatda 350 ta jangovar kallak mavjud bo‘lib, ularning barchasi zaxirada va tashuvchilarga o‘rnatilmagan.

Hindiston

2021 yil boshida ushbu mamlakatda jami 156 ta yadro kallagi bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yil mart holatiga Hindiston yadro qurollari salohiyatini 160 tagacha oshirgan.

Pokiston

Mamlakatning yadroviy salohiyati 165 ta jangovar kallakdan iborat bo‘lib, ularning barchasi zaxirada.

Isroil

Ushbu davlatda ham 90 ta demontaj qilinishini kutayotgan yoki zaxiradagi jangovar kallak mavjud.

Shimoliy Koreya

FAS ma’lumotlariga ko‘ra, KXDRda 2022 yil mart oyida 20 ta yadro kallagi bo‘lishi mumkin. Biroq SIPRI 2021 yil boshi bo‘yicha e’lon qilgan statistik ma’lumotlarda Shimoliy Koreyadagi yadro kallaklari soni 40−50 tadan iborat ekanligi aytilgan. Shimoliy Koreya qit’alararo ballistik raketa bilan yetkazib berish uchun operativ yadroviy kallak ishlab chiqargani haqida ochiq ma’lumot yo‘q, biroq unda o‘rta masofali ballistik raketalar uchun kam sonli kallaklar bo‘lishi mumkin. Shimoliy Koreya bo‘yicha ko‘rsatkichlar juda noaniqligi aytiladi.

Ma’lumot uchun, Eronda yadro qurollari mavjudligi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Rasmiy Tehron yadro dasturini mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-ishlab chiqarish chora-tadbirlari majmuasi ekanligini ta’kidlaydi. Lekin AQSh va boshqa qator davlatlar Eronni yadroviy qurol yaratish bo‘yicha maxfiy ishlarda gumon qiladi.

“Yadro chamadoni” nima?

Yadro quroliga ega bo‘lgan davlatlarning rahbarlari strategik mudofaa tizimini faollashtirish uchun portativ qurilmaga ega. Uni “yadro chamadoni” ham deyishadi.

1945 avgust oyida Yaponiya shaharlariga uyushtirilgan yadro hujumlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh prezidenti Trumen ishtirokida amalga oshmagan. U yadro zarbalari rejalashtirilgani haqida xabardor bo‘lsa-da, harbiylar buni o‘zlari amalga oshirishgan. Trumen Xirosimaga tushgan bomba haqida yadroviy zarbadan 16 soat o‘tganidan keyin xabar topgan, deyiladi ayrim manbalarda.

“Yadro chamadoni” g‘oyasi 1950 yillarda AQShda tug‘ilgan . Karib dengizi inqirozi natijasida prezident Jon Kennedi yadro arsenalini shaxsan oliy qo‘mondon tomonidan nazorat qilinishini shubha ostiga qo‘yadi va bunday xavfli qurol ishonchsiz amaldor qo‘liga o‘tib qolishidan qo‘rqadi. Kennedi yadroviy zarba berish haqidagi buyruq uning ruxsatisiz berilishi mumkinligidan, bundan tashqari, qo‘mondonlik punktida bo‘lmasdan turib, bunday buyruq bera olmasligidan hadiksiragani aytiladi. Natijada AQSh yadro arsenalini boshqarish tizimi qayta ko‘rib chiqildi va “yadro chamadoni” yaratildi.

Rossiya


Boris Yelsinga tegishli bo‘lgan “Cheget”. Foto: Muzey “Yelsin sentr”

2020 yilgi hujjatga ko‘ra, Rossiyada yadroviy qurollarni faollashtirish bo‘yicha qarorni mamlakat prezidenti qabul qiladi.

“Cheget” deb nomlanuvchi chamadon doimo prezident yaqinida bo‘ladi va u davlat rahbarini Rossiya strategik yadro qurollarini boshqarish va nazorat qilish tarmog‘iga ulaydi. “Cheget"da yadro raketalarini uchirish tugmachasi yo‘q, u faqatgina raketalarni ishga tushirish bo‘yicha buyruqni Bosh shtabga uzatadi.

Rossiya Bosh shtabi rahbari raketalarni ishga tushirish kodlariga ega va ularni ikkita yo‘l bilan faollashtirishi mumkin. U har bir yadroviy qurol qo‘mondoniga avtorizatsiya kodini yuborishi mumkin, ular esa buyruqni olgach, raketalarni ishga tushiradi. Bundan tashqari, Bosh shtab rahbari “Perimetr” tizimi orqali yerda joylashgan raketalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi faollashtirishi mumkin.

AQSh

Foto: Getty images

AQSh prezidentining yadro chamadoni (inglizcha umumiy nomlari: Nuclear Football, President’s Emergency Satchel, The Button) — bu AQSh prezidentiga yadro qurolidan foydalanishga buyruq berish imkoniyatini beruvchi asboblar va ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan maxsus sumka. “Sumka” prezident qo‘mondonlik postlaridan uzoqda bo‘lgan vaziyatda Pentagon bilan bog‘lanishga mo‘ljallangan.

Oq uyning sobiq harbiy idorasi direktori Bill Gullining “Qopqoqni buzish” kitobiga ko‘ra, prezidentning favqulodda vaziyat “sumka"si, rasmiy ravishda aytilganidek, to‘rtta narsani o‘z ichiga oladi. Ular — zarbalar variantlari ro‘yxati bo‘lgan qora kitob, prezident shaxsini tasdiqlash uchun autentifikatsiya kodlari yozilgan karta, prezident yashirinishi mumkin bo‘lgan xavfsiz bunkerlar ro‘yxati va favqulodda ogohlantirish tizimidan foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalardir.

AQShda bunday “sumka"lardan 3 ta bor, ular AQSh prezidenti, vitse-prezidenti va Oq uyda bo‘ladi. Yana bir manbada aytilishicha, mudofaa vaziri o‘rinbosarida ham “sumka” bor. Bunga sabab esa prezident va mudofaa vaziri yo‘q qilingan taqdirda yadro hujumlariga javob qaytarish hisoblanadi. Shunga ko‘ra, to‘rtta faol “sumka” mavjud bo‘lib, yadro qurolini ishga tushirish uchun kamida ikkitasi kerak bo‘ladi.

Fransiya

Fransiyada ham yadro qurollarini faollashtirish bo‘yicha buyruqni prezident beradi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bu aynan “yadro chamadoni” emas, balki Fransiya prezidenti uchun qurolli kuchlar rahbariyati bilan maxsus aloqa qilish uchun ko‘p maqsadli terminaldir.

Ma’lum bo‘lishicha, fransuzcha “chamadon"ning interfeysi nihoyatda sodda — lekin u maxsus aloqa terminalidan tashqari, ekstremal vaziyatlarda omon qolish uchun to‘plamga ham ega.

Buyuk Britaniya

Britaniya yadro qurollari faqat suv osti kemalariga o‘rnatilgan. Yadro qurollarini faollashtirish bo‘yicha buyruq faqat mamlakat bosh vaziri tomonidan maxsus kodlar orqali beriladi.

Boshqa davlatlarning “yadro chamadonlari” haqida ma’lumotlar kam.

Tiyib turish kuchlari nima?

Strategik tiyib turish kuchlarining asosini strategik yadroviy kuchlar tashkil qiladi. Ular strategik yadroviy tiyib turishga jalb qilingan — bunday holatda yadro quroliga ega bo‘lgan ikki davlat har qanday sharoitda ham bir-biriga katta miqyosdagi zarar yetkazishga qodir bo‘ladi.

Strategik yadroviy tiyib turish — birinchi navbatda Rossiya va AQSh o‘rtasida — strategik barqarorlikni ta’minlaydi. Bu holatda dunyoda global mojaro, jahon urushi sodir bo‘lmaydi.

Strategik yadroviy kuchlardan tashqari, tiyib turuvchi kuchlar tarkibiga yadroviy bo‘lmagan qurollar — uzoq masofali yuqori aniqlikdagi raketa tizimlari kiradi. Ularning qatoriga kibernetik kuchlar ham kirishi mumkin, vaholanki bu Rossiya harbiy doktrinasida tasdiqlanmagan.