Ukrainadan qaytgan talabalar o‘qishini O‘zbekistondagi OTMlarda davom ettirishi mumkin

Prezident videoselektorda Ukrainadan evakuatsiya qilingan talabalar O‘zbekistondagi OTMlarda o‘qishini davom ettirishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ma’lum qildi. «Ukraina oliygohlarida 370 dan ziyod yoshlarimiz ta’lim olmoqda va shundan 200 ga yaqini Vatanga qaytarildi. Qolganlarini ham yaqin 1 haftada qaytarish uchun barcha choralarni ko‘rayapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Avtomobillarni qayta sotuvchilarga yetkazib berish muddati 120 kunga uzaytiriladi — UzAuto Motors

UzAuto Motors yangi avtomobillariga shartnoma tuzish boshlangan ilk kundayoq, sotilgan mashinalarning 52 foizi qayta sotish ehtimoli bilan xarid qilinganini ma’lum qildi. Xususan, bir shaxs tomonidan 35 ta avtoulovga shartnoma tuzilgani aniqlandi. Kompaniya qayta sotuvchilar uchun yetkazib berish muddatini yana 120 kunga oshirishini eslatib o‘tdi.

«Barcha davlat tashkilotlarida talabalarning ishlashiga ruxsat beriladi» — prezident

Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida bundan buyon barcha davlat tashkilotlari va muassasalarida talabalarning ishlashiga ruxsat berilishini ma’lum qildi. Markaziy bank tajribasi asosida Iqtisodiyot, Moliya, Qurilish, Energetika, Qishloq va Suv xo‘jaligi vazirliklari, soliq, kadastr idoralari 3−4 kurs talabalarni haq to‘lanadigan stajirovkaga jalb qiladi. Amaliyot yakunida ularga doimiy ish taklif qilinadi.

Yaponiyaga maxsus maqomda borgan ishchilar 5 yildan keyin oilasini ham olib ketishi mumkin

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, yapon tilini bilish darajasi bo‘yicha test sinovlaridan va mutaxassisligi bo‘yicha amaliyot imtihonidan o‘tganlarga «maxsus malakali ishchilar» maqomi beriladi. Ular Yaponiyada 14 turdagi sohada 10 yilgacha ishlashi, 5 yildan so‘ng o‘z oilasini ham olib ketishi va o‘z biznesini boshlashi mumkin bo‘ladi. Ularga kamida 1800−2000 dollar maosh to‘lanadi.

Talabalarni ishga joylashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tuziladi

Prezident videoselektor yig‘ilishida 100 mingga yaqin talaba ishlashni xohlashini, hozirgi kunda talabalar ishlashi mumkin bo‘lgan 105 mingta vakant ish o‘rni borligini aytdi. U talabalar bilan ishlamagani uchun hokim va rektorlarni tanqid qildi. Endi talabalarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Tijorat banklari rublning so‘mga nisbatan kursini mustaqil belgilamoqda — Markaziy bank

Markaziy bank tijorat banklari rubl kursini mustaqil ravishda joriy xalqaro kotirovkalarga asosan belgilayotganini ma’lum qildi. O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyutani (naqd va naqdsiz shaklda) olib kirish va olib chiqish bo‘yicha maxsus tartib o‘rnatilgani aytildi. Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, «rubl uchun imtiyozli koridor bekor qilingan».

Chiroqchida YHXB boshlig‘i pora bilan ushlangani aytilmoqda

Qashqadaryoda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i sherigi bilan pora olayotganda qo‘lga tushgani aytilmoqda. Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Endi tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi mumkin

Prezident «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z tovarlarida ishlab chiqarilgan joy nomini ko‘rsatishi mumkin. Talabgorlar geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Intellektual mulk agentligiga murojaat qilishi lozim. Huquq 10 yil davomida amal qiladi, geografik ko‘rsatkichni boshqa davlatlarda ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.

Shofirkon tibbiyot birlashmasida 1,2 mlrd so‘mlik kamomad aniqlandi

Antikorrupsiya agentligi Shofirkon tumani tibbiyot birlashmasi faoliyatida 1,2 mlrd so‘mdan ko‘proq moliyaviy xato va kamchiliklarni aniqladi. Birlashmada aslida ishlamagan xodimlar uchun oylik ish haqlari to‘langani, tibbiyot texnikalari qimmat narxda sotib olingani, pullik tibbiy xizmatdan tushgan mablag‘lar maqsadsiz sarflangani aytilmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqandda $50 ming evaziga DXXga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani aytilmoqda

Samarqand viloyatida fuqaroni Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga noqonuniy tarzda ishga kiritib qo‘yishga uringan shaxs 50 ming dollar olgan vaqtida ushlangani aytilmoqda. Qolaversa, Namangan, Sirdaryo, Qashqadaryo viloyatlarida ham ichki ishlar idoralari va Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘yishga va’da bergan shaxslar qo‘lga olindi.

O‘zbekistonning 9 ta viloyatida sel kelish xavfi e’lon qilindi

O‘zbekistonda 5−9 mart kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi tufayli 9 ta viloyatning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelish xavfi e’lon qilindi. O‘zgidromet aholi va haydovchilardan ehtiyot choralariga amal qilishni so‘ramoqda.

3 mart kuni o‘zbekistonliklar 60 mln rubl sotib oldi

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba kuni jismoniy shaxslar banklardan 60 mln rubl xarid qilgan bo‘lsa, qariyb 5,5 mln Rossiya valyutasini sotgan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu holatni «Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaroga qadar rublda import shartnomasi tuzganlar tezroq eski narxlarda to‘lovini amalga oshirish manfaatiga egaligi» bilan izohladi.

«Vatan tayanchi» otryadiga a’zo o‘quvchilarga OTMga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi

Prezident qarori bilan Mudofaa vazirligi huzurida «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati, maktablarda esa uning otryadlari tashkil etiladi. Unga ihtiyoriy ravishda a’zo bo‘lgan 10−11-sinf o‘quvchilari orasidan bir nafariga OTMga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Bunda uning harakat faoliyatidagi ishtiroki va maktabdagi baholari inobatga olinadi.

Alisher Usmonovning xoldingi «Kapitalbank» aksiyalari sotilganini e’lon qildi

Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM xoldingi O‘zbekistondagi «Kapitalbank» aksiyalarini sotilganini e’lon qildi. Xolding tarkibidagi «Telekominvest» (Rossiya) va FINANCE TCI (O‘zbekiston) kompaniyalari fevral oyida «Kapitalbank»dagi ulushini 61,54 foizga yetkazgan edi.

Foto: Islomobodda Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon muzokaralar o‘tkazdi

Payshanba kuni Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani, ikki davlat vazirlari esa 10 ga yaqin hujjatni imzoladi. Qolaversa, Shavkat Mirziyoyev Imron Xonga Urducha-o‘zbekcha mushtarak so‘zlar lug‘atini sovg‘a qildi. «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘l mintaqalar qiyofasini butunlay o‘zgartirib yuborishini ta’kidlandi. Tashrifning birinchi kuni «Gazeta.uz» materialida.

BMT QBOK O‘zbekistonning fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini yuqori baholadi

021 yilda O‘zbekiston ro‘yxatga olingan 70 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 33 ming nafariga fuqarolikni berib, fuqarosizlikni qariyb ikki barobarga kamaytirdi. BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi ushbu sa’y-harakatlarni yuqori baholab, fuqarosizlikka chek qo‘yish tinchlik, xavfsizlik va majburiy ko‘chirilishlar oldini olishga xizmat qilishini ta’kidladi.

3−4 mart kunlari 720 nafar o‘zbekistonlik Ukrainadan evakuatsiya qilindi

3−4 mart kunlari Polshadagi Katovitse aeroporti orqali 720 nafar O‘zbekiston fuqarosi evakuatsiya qilindi. Shunday qilib, Ukrainadan vatanga qaytarilganlar soni 2579 nafarga yetdi. Yana 1500 nafarga yaqin o‘zbekitonliklar Polshada qolmoqda. «Ishontirib aytamizki, barcha fuqarolar mamlakatimizga qaytariladi», — deyiladi TIV xabarida.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

«Hech narsa qilib bo‘lmasligi — bu uyat». O‘zbekistonliklar ayni paytda Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealar haqida

Gazeta.uz" Rossiyada xalqaro sanksiyalar e’lon qilinganidan so‘ng rubl keskin qadrsizlanib, naqd pul va valyuta taqchilligi kuzatilayotgan, narxlar keskin oshgan sharoitda yashayotgan o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi. Ular sanksiyalar va kursning tushib ketishi daromadlari hamda ular ishlayotgan kompaniyalarga qanday ta’sir ko‘rsatgani, atrofidagi holat va Moskvadagi vaziyat haqida so‘zlab berishdi.

Yadro qurollariga ega davlatlar — ro‘yxat, statistika

2022 yil mart holatiga ko‘ra, dunyoning 9 ta mamlakatlarida 12 700ga yaqin yadro qurollari mavjud. Ularning 90% Rossiya va AQShga tegishli. Qaysi davlatda qancha yadroviy qurol bor, «yadro chamadonchasi» va tiyib turish kuchlari nima — bu haqda «Gazeta.uz» maqolasida.

Zamonaviy fandagi «loxotron»

Qanday qilib Scopus bazasidagi jurnallarda (va yuqori impakt-faktorli jurnallarda) maqola e’lon qilish talabi O‘zbekistonda keng ko‘lamli firibgarlik, ko‘zbo‘yamachilik va ilm-fanni tahqirlashga olib keldi — bu haqda faylasuf va antropolog Valeriy Xan maqolasida. Maqola avval e’lon qilingan «Hamma SCOPUS`da maqola chiqarsin!» maqolasining davomidir.